Piskentda temir chiqindilardan bo‘yoq ishlab chiqariladi
Chiqindi tabiatga zarar, lekin u qayta ishlanib foydalanish mumkin ekani barchamizga ma’lum. Toshkent viloyati Piskent tumanidagi “MGA STAR GOLD” mas’uliyati cheklangan jamiyati ham aynan temir chiqindilarini zamonaviy texnologiyalar asosida qayta ishlab, tarkibida temir oksidi bo‘lgan pigment ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.
Ayni vaqtda korxonada ishlab chiqarishni boshlash uchun tayyorgarlik ishlari olib borilyapti. Bu yerda temir oksididan bo‘yoq pigmenti, lok, keramika, to‘qimachilik va temir-beton mahsulotlari ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan. Kelgusida MDH mamlakatlariga eksport qilinishi rejalashtirilgan ushbu mahsulotlar sifati juda yuqoriligi bilan ajralib turadi.

Korxonaga 2,3 million dollari miqdorida investitsiya kiritish belgilangandi, lekin amalda 40 milliard so‘m mablag‘ sarflandi. Ayni vaqtda 60 nafar mahalliy yoshlar ish bilan ta’minlangan. Korxona to‘liq quvvat bilan faoliyat boshlagach, 200 ta ish o‘rni yaratiladi. Bir kecha-kunduzda 20 tonna, yiliga 7 ming 200 tonna tayyor mahsulot ishlab chiqariladi.

– Ish jarayoni uch smenada tashkil etiladi, – deydi korxona bosh muhandisi Olim Sulaymonov.

– Shu bois, ishchilar oylik maoshdan tashqari, transport, oziq-ovqat bilan ham ta’minlanadi. E’tiborlisi, xomashyosi metall chiqindilardan iborat bo‘lgan korxonada aholining temir-tersak va qora metallar chiqindilarini topshirishdan moddiy manfaatdorligini oshirishga ham alohida e’tibor qaratiladi.

A. Musayev, O‘zA