Davlatimiz rahbarining 2023 yil 28 fevraldagi tegishli farmoniga ko‘ra, “O‘quvchilar savodxonligini baholash bo‘yicha xalqaro PISA 2025 tadqiqot dasturi”da O‘zbekistonning ishtirokini ta’minlash vazifasi belgilangan va bunda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, A.Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot instituti asosiy mas’ul ijrochi sifatida kiritilgan.
PISA testlari o‘zi nima?
Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OCED) tashabbusi bilan har 3 yilda bir marta The Programme for International Student Assessment (PISA) xalqaro o‘quvchilarni baholash testlari o‘tkaziladi.
PISA testlari xalqaro tan olingan o‘lchovdan foydalanib, o‘qitish tizimlari, maktablar, o‘qituvchilar va o‘quvchilardan ma’lumotlarni to‘plab, o‘quvchilarning bilimini baholaydi.
Bu test sinovlari 2000 yildan boshlangan. 2022 yildagisi hisob bo‘yicha sakkizinchisi bo‘ldi. Testlar o‘quvchilarning matematika, tabiiy fanlar va o‘qish bo‘yicha mahorat hamda bilimini sinovdan o‘tkazadi. O‘quvchilar 2 bosqichda saralab olinadi. 1-bosqichida qishloq va shahar hududlaridan aralash 150 maktab tanlab olinadi. Keyin har bir maktabdan 42 o‘quvchi ixtiyoriy tanlanadi. Test natijalari 3 guruhga ajratiladi: o‘rtachadan yuqori, o‘rtacha va past.
[gallery-17371]
– PISA 2025 xalqaro tadqiqotiga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida PISA 2025 tajriba sinov ishlari amalga oshirilmoqda. Aynan mana shu tajriba sinov ishlarida respublika miqyosida 83 ta maktab ro‘yxatga olingan bo‘lib, bu jarayonda 15 yoshli o‘quvchilarning matematika, tabiiy fanlar va o‘qish savodxonligi sinovdan o‘tkaziladi, – deydi viloyat Pedagoglarni yangi metodikalarga o‘rgatish milliy markazi metodik xizmat ko‘rsatish bo‘limi boshlig‘i Gulshan Karimova. – Qashqadaryo viloyatida tajriba sinov jarayonida 4 ta maktab kiritilgan bo‘lib, bugun Nishon tumanidagi 33-maktabda PISA 2025 tajriba sinov ishlari amalga oshirilmoqda. Bu borada viloyatimiz bo‘yicha bir qator ishlar bajarildi. Xususan, Muborak tumanidagi 3-maktabda, Qamashi tumanidagi 23- maktabda bu jarayonni ko‘ngildagidek o‘tkazdik. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad berilayotgan savollarning yoki bo‘lmasa o‘sha so‘rovnomalarning tushunarlilik holatini o‘quvchilar bilan bevosita ishlash, o‘quvchilarda tabiiy bilimlar savodxonligini oshirish, raqamni dunyoni anglash bo‘yicha yetarli bilimga ega yoki ega emasliklarini aniqlash, bu yilgi tajriba sinov ishlari tugagach, keyingi yilda bo‘ladigan PISA 2025 jarayonlarida yuqori natijalarga erishish uchun o‘quvchilarimizni tayyorlashdir.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari