Pirotexnika vositalari ushlab qolindi
Yangi yil bayrami yaqinlasharkan, pirotexnika vositalarining noqonuniy savdosi avj ola boshlaydi. Ushbu mahsulotlarni mamlakatga olib kirishga taqiq qo‘yilganiga qaramay, “paqildoq”lar ovozi ko‘cha ko‘yda quloqni junbishga keltira boshlaydi.
Yaqinda Qashqadaryo viloyatiga kirib keluvchi bojxona postlarida yana bitta holat qayd etilgani buning yaqqol isbotidir.
Qashqadaryo viloyat bojxona boshqarmasi taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, viloyat bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari viloyat Milliy gvardiya, IIB va YHXB xodimlari bilan hamkorlikda pirotexnika vositalarini noqonuniy realizatsiyasiga qarshi kurashish yo‘nalishida Ko‘kdala tumanida tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Tadbir davomida “Toshkent-Qarshi” yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan avtotransport vositasi to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilganda, uning yukxonasida ko‘p miqdorda pirotexnika vositalari borligi ma’lum bo‘ldi.
Ushbu pirotexnika vositalari belgilangan tartibda sanoqdan o‘tkazilganda esa 8 dona karton qutilar ichida jami 196 ming 200 dona petardalar joylashtirilganligi oshkor bo‘ldi. Mazkur vositalarning umumiy qiymati dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra qariyb 50 million so‘mni tashkil etmoqda.
Hozirda holat yuzasidan bojxona tekshiruvlari olib borilmoqda.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri