Pirotexnika vositalari savdosining oldi olindi
Bu haqda viloyat bojxona boshqarmasi Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar guruhi xabar berdi.
Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo‘limi, viloyat davlat xavfsizlik xizmati, ichki ishlar va milliy gvardiya boshqarmalarining tezkor guruhi xodimlari hamkorligida o‘tkazgan tadbir natijasida 28 million 500 ming so‘mlik pirotexnika vositalari savdosining oldi olindi.
Bu haqda viloyat bojxona boshqarmasi Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar guruhi xabar berdi.
Ommaviy axborot vositalarida turli soha vakillari tomonidan xorijda ishlab chiqarilgan pirotexnika vositalari inson omiliga, ayniqsa, bolalarimizga jiddiy tan jarohati yetkazishi mumkinligi, hatto, bu vositalar ko‘z-yuz yaqinida ishlatilishi oqibatida nogiron bo‘lib qolish xavfi borligi borasida bot-bot aytilsa-da, ana shu noqonuniy ishga qo‘l urayotgan kimsalar hamon uchrab turibdi...
Oldindan olingan tezkor ma’lumotlar asosida Yangier shahar hududidan fuqaro Hayit Eshmonov ( materialdagi ismi-shariflar o‘zgartirilgan) to‘xtatilib, qo‘l sumkasi xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, Xitoyda ishlab chiqarilgan, bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazilganligini tasdiqlovchi hech qanday hujjatlari bo‘lmagan, umumiy qiymati 8 million 500 ming so‘mlik, jami 13 ming 200 dona “treniya” pirotexnika vositalari borligi fosh etildi.
Yana bir fuqaro Bakir Astanovning qilimishi undan ham oshib tushdi.
Hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Mirzaobod tumani hududida “Cobalt” rusumli avtotransport vositasida yo‘lovchi sifatida kelgan fuqaro Bakir Astanov tezkor tadbirga jalb etilgan “shartli xaridor” ga xorijda ishlab chiqarilgan, tasdiqlovchi hech qanday hujjatlari bo‘lmagan va sifati kafolatlanmagan, umumiy qiymati 20 million so‘mlik, 3 turdan iborat bo‘lgan, og‘irligi 30,5 kilogramm pirotexnika vositalarini noqonuniy ravishda sotayotgan vaqtida tezkor tadbir ishtirokchilarining “qarmog‘iga“ tushdi.
Har ikki holat yuzasidan tekshiruv va surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Endi Bakir Astanov ham, Hayit Eshmonov ham qonun oldida javob beradi.