«Pink October»: Ayollar salomatligi va hayoti uchun tashlangan ezgu qadamlar
Bugun, 10-oktabr kuni poytaxtimiz yana bir ezgu va muhim tashabbus – ayollar salomatligini qo‘llab-quvvatlash hamda ko‘krak bezi saratoni haqida jamoatchilik xabardorligini oshirishga bag‘ishlangan an’anaviy xayriya yugurish marafoniga mezbonlik qildi.
«Pink October» - har yili dunyo miqyosida keng nishonlanib, ayollarni xavfli kasalliklardan ogoh etish, tibbiy madaniyatni yuksaltirishga qaratilgan oylik hisoblanadi. Ana shu global harakatning mazmun-mohiyatini o‘zida mujassam etgan bugungi tadbir poytaxtimiz ko‘chalarida ko‘tarinki ruhda o‘tdi.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joizki, dunyo tibbiyotida ko‘krak bezi saratoni ayollar o‘rtasida eng ko‘p uchraydigan onkologik kasalliklardan biri sanaladi. Biroq, tibbiyot va ilm-fan shuni ko‘rsatmoqdaki, agar kasallik o‘z vaqtida – erta bosqichda aniqlansa, uni davolash va to‘liq sog‘ayib ketish ko‘rsatkichlari juda yuqori. Afsuski, ko‘p hollarda ayollar o‘z vaqtida tibbiy ko‘riklardan o‘tmaydi yoki bu boradagi ma’lumotlar yetishmasligi tufayli shifokorga kech murojaat qiladi. Ushbu xayriya yugurish marafonining asosiy maqsadi ham aynan shunday xavflarning oldini olish, jamiyatda muntazam ravishda skrining ko‘riklaridan o‘tish madaniyatini shakllantirishdir.
Tonggi soat 08:00da sog‘lom turmush tarzi tarafdorlari, faol va tashabbuskorlar hamda ko‘ngillilardan iborat 100 nafarga yaqin ishtirokchi “Tashkent City Boulevard” hududida jam bo‘ldi. Shevchenko ko‘chasidagi “Matcha Club” manziligacha bo‘lgan masofani birgalikda bosib o‘tdi. Ishtirokchilarning har bir qadami minglab ayollarning hayoti va sog‘lig‘i uchun kurashish, ularni erta aniqlash hamda oldini olish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlash ramziga aylandi.

Mutaxassislar ta’kidlaganidek, jismoniy faollik har qanday kasallikning, jumladan, xavfli o‘smalarning oldini olishda eng kuchli vositalardan biridir. Tonggi yugurish va faol harakat ishtirokchilarga yaxshi kayfiyat bag‘ishlash bilan birga, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishning amaliy namunasi bo‘ldi.
Mazkur xayriya tadbiri “Gustave Roussy International Uzbekistan” va boshqa bir qator nufuzli tashkilotlar hamkorligida tashkil qilindi. Bunday xalqaro va mahalliy tashkilotlarning birlashishi tibbiy madaniyatni oshirish, aholi orasida profilaktika tadbirlarini keng targ‘ib qilish hamda ilg‘or tajribalarni joriy etishda muhim qadam ekani yaqqol namoyon bo‘ldi. Ayniqsa, jahonga mashhur onkologiya markazlarining O‘zbekistondagi vakolatxonalari va faol platformalarning tashabbuslari aholining tibbiy savodxonligini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.

Yugurish marafoni yakunida finish chizig‘iga yetib kelgan ishtirokchilar samimiyat ila xushbo‘y ichimliklar bilan kutib olindi. Tadbir qatnashchilariga mutaxassislar tomonidan mavzuga doir ma’lumotlar berildi, tibbiy tekshiruvlardan o‘tishlari uchun vaucherlar tarqatildi.
Mohigul Qosimova,
O‘zA