PIning Jenevadagi hisobotida Toshkentda o‘tgan 150-yubiley assambleya ilg‘or tajriba sifatida e’tirof etildi
Parlamentlararo ittifoq (PI)ning Jeneva shahrida e’lon qilingan 2025-yil yakunlari bo‘yicha rasmiy yillik hisobotida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan 150-yubiley assambleyasi tashkilotning eng muhim voqealaridan biri hamda parlament diplomatiyasidagi ilg‘or tajriba sifatida yuksak baholandi.
2025-yil 5-9-aprel kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilgan mazkur nufuzli xalqaro forum nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo uchun tarixiy ahamiyatga ega voqeaga aylandi.
Mintaqada ilk bor tashkil etilgan PI assambleyasi parlamentlararo muloqot va hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqib, O‘zbekistonning global parlament maydonidagi nufuzi va tashabbuskorlik salohiyatini yanada mustahkamladi.
PIning 2025-yil faoliyatiga bag‘ishlangan yillik hisobotida tashkilotning parlamentlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, demokratiya va inson huquqlarini ilgari surish, barqaror rivojlanish maqsadlarini qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirgan ishlar keng tahlil qilingan. Hujjatda O‘zbekistonning parlament sohasidagi qator tashabbuslari hamda amaliy tajribasi alohida e’tirof etilib, boshqa mamlakatlar uchun ilg‘or namuna sifatida ko‘rsatilgan.
Hisobotda 2025-yil davomida PI tomonidan 80 xalqaro tadbir, jumladan ikkita assambleya hamda parlamentlar institutsional salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan 40 ta milliy tadbir tashkil etilgan. Shuningdek, parlament a’zolari huquqlarining buzilishiga oid 1 ming 27 ta murojaat ko‘rib chiqilgan, tashkilot faoliyati esa ommaviy axborot vositalarida qariyb 30 ming marta yoritilgan.
Hisobotda 2025-yil uchun parlamentlar faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari sifatida parlament samaradorligini oshirish, xotin-qizlar va yoshlarning siyosiy ishtirokini kengaytirish, sun’iy intellektni huquqiy tartibga solish, dezinformatsiyaga qarshi kurashish, iqlim o‘zgarishi masalalarida parlament nazoratini kuchaytirish, parlament diplomatiyasini rivojlantirish hamda tashkilot faoliyatining ochiqligi va hisobdorligini ta’minlash kabi vazifalar belgilab o‘tilgan.
Hisobotning alohida bo‘limi Toshkentda bo‘lib o‘tgan 150-yubiley Assambleyasiga bag‘ishlangan bo‘lib, unda forumning yuksak tashkiliy saviyada o‘tkazilgani va Markaziy Osiyo mamlakatlari tarixida ilk bor PI assambleyasiga mezbonlik qilingani alohida ta’kidlangan.
Assambleya ishtirokchilari tarkibi ham yuqori baholangan. Xususan, parlament ayol a’zolari ulushi 37 foizdan oshgani qayd etilib, bu ko‘rsatkich 2022-yildan buyon kuzatilgan eng yuqori natija sifatida e’tirof etilgan.
Hisobotda Assambleyaning eng muhim siyosiy hujjati hisoblangan Toshkent deklaratsiyasiga ham alohida o‘rin berilgan. Unda parlamentlar kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan samarali siyosatlarni shakllantirish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari manfaatlarini ta’minlaydigan demokratik iqtisodiyotni rivojlantirish hamda sun’iy intellekt kabi zamonaviy texnologiyalarni samarali huquqiy tartibga solishga xizmat qiluvchi institutlarni mustahkamlashga chaqirilgani qayd etilgan.
Assambleya doirasida PIning «Parlamentlarda gender tengligiga erishish yo‘lidagi 10 ta amaliy harakat» nomli yangi xalqaro tashabbusi taqdim etilgani ham tashkilotning muhim amaliy natijalaridan biri sifatida yuqori baholangan.
Yillik hisobotda O‘zbekistonda inson huquqlariga bag‘ishlangan seminarlar tashkil etilgani, shuningdek, Oliy Majlis Senati tomonidan PI qaror va tavsiyalarini milliy rivojlanish ustuvor yo‘nalishlari bilan uyg‘unlashtirishga qaratilgan «yo‘l xaritasi» qabul qilingani ham ilg‘or tajriba sifatida e’tirof etilgan.
Eng muhimi, PI ekspertlari Oliy Majlis Senatining assambleya tashabbuslari va qarorlarini milliy darajada amalga oshirishga qaratilgan tizimli, izchil va natijador yondashuvini barcha parlamentlar uchun namunaviy tajriba sifatida baholagan. Bu esa, O‘zbekistonning parlament islohotlari, xalqaro parlament diplomatiyasi va global tashabbuslarni milliy amaliyotga samarali tatbiq etish borasidagi tajribasi xalqaro miqyosda e’tirof etilayotganining yana bir yorqin tasdig‘idir.
N.Abduraimova, O‘zA