Pilot loyihalar orqali mijozlarga qulay va tezkor xizmatlar ko‘rsatiladi
Markaziy bankda fintex startaplar va tijorat banklari o‘rtasida hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
Unda istiqbolli raqamli yechimlarni bank amaliyotiga joriy etish, innovatsion xizmatlarni ishlab chiqish va pilot loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Tadbir Prezidentimizning 2026-yil 11-fevraldagi “Startaplarni qo‘llab-quvvatlashning kompleks ekotizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etildi.

Unda fintex startaplar va tijorat banklari vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida 7 ta fintex startap o‘zining innovatsion mahsulot va xizmatlarini taqdim qildi. Xususan, kichik biznes uchun raqamli faktoring, marketpleys va logistika boshqaruvi, bir nechta bank kartalarini yagona platformada jamlash, xarajatlarni bo‘lishish xizmati, sun’iy intellekt (AI) servislarini xavfsiz integratsiya qilish, tranzaksion ma’lumotlarni tahlil qilish hamda shaxsiy byudjetni boshqarishga qaratilgan zamonaviy yechimlar ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Muhokamalar jarayonida startaplar va tijorat banklari o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish, ayrim innovatsion yechimlarni bank tizimiga integratsiya qilish hamda istiqbolli yo‘nalishlarda pilot loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bunday hamkorlik bank xizmatlarini yanada qulay, tezkor va mijozlarga yo‘naltirilgan shaklga keltirishga xizmat qiladi. Shuningdek, fintex sohasida yangi mahsulotlarni amaliyotga joriy etish va raqamli moliyaviy xizmatlarni kengaytirish uchun muhim imkoniyat yaratadi.

Markaziy bankda o‘tkazilgan mazkur ochiq muloqot mamlakatda fintex ekotizimini rivojlantirish, innovatsion g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash va bank sohasida raqamli transformatsiya jarayonlarini jadallashtirishda muhim qadam bo‘ldi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA