Pillani qayta ishlash imkoniyati oshmoqda
Viloyatdagi ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti tasarrufida naslli ipak qurti urug‘i yetishtiruvchi korxona tashkil etish bo‘yicha “Samarqand pilla urug‘chilik” hududidan bino va inshootlar ajratildi.
Davlatimiz rahbarining 2019 yil 31 iyuldagi “Pillachilik tarmog‘ida chuqur qayta ishlashni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Samarqand viloyatida 2019 yilgi investitsiya dasturi asosida loyiha qiymati 3 milliard 200 million so‘mlik “Samarqand Silk AO” fabrikasi tashkil etildi. Mazkur korxona noyabr oyidan to‘la quvvat bilan ish boshlaydi.
Pillani chuqur qayta ishlash hisobiga 2020 yildan boshlab viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan pillani qayta ishlash korxonalari tomonidan Germaniyaning DORNIER hamda Italiyaning ITEMA kompaniyalari bilan tuzilgan shartnomalar asosida qo‘shimcha 3,6 million dollarlik investitsiya kiritiladi hamda ipak matolari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Buning hisobiga viloyatda 400 nafar xotin-qizlar uchun qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratiladi.
Viloyatdagi ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti tasarrufida naslli ipak qurti urug‘i yetishtiruvchi korxona tashkil etish bo‘yicha “Samarqand pilla urug‘chilik” hududidan bino va inshootlar ajratildi.
Viloyatga kirib kelayotgan ipak qurti urug‘i importiga chek qo‘yish maqsadida 2018 yilda loyiha qiymati 2 million dollarlik investitsiya kiritilib, “Samarqand Tian Zhu Silk Worm” O‘zbekiston-Xitoy qo‘shma korxonasi ish boshladi. Ular tomonidan 2019 yil uchun 10 ming, 2020 yil uchun 20 ming quti sifatli ipak qurti urug‘lari tayyorlandi. Rejaga ko‘ra, 2021 yilga borib mazkur korxona 50 ming quti ipak qurti urug‘i ishlab chiqaradi hamda viloyatning ipak qurti urug‘iga bo‘lgan ehtiyoji to‘liq qoplanib, xorijdan olib kelinayotgan ipak qurti urug‘i importiga chek qo‘yiladi.
Bundan tashqari, viloyatda 2019 yil bahor va kuz oylarida jami 22 million 500 ming dona tut ko‘chatlari ekish rejalashtirilgan bo‘lib, bahor oylarida 9 million 699 ming dona tut ko‘chatlari ekildi. Qolgan 12 million 801 ming tut ko‘chatlari to‘liq kuz oylarida ekiladi.
– Shuningdek, qurtxonalar va ko‘chma qurtxona qurish bo‘yicha reja asosida joriy yilning to‘rtinchi choragiga 47 dona belgilangan bo‘lib, shundan bugungi kunda 20 dona ko‘chma qurtxonalar qurildi, – deydi Samarqand viloyat hududiy agropilla MChJ rahbari Yodgor Jo‘raev. – Tumanlarda esa tutzorlar ichidan 10 dona doimiy qurtxona qurish ishlari amalga oshirilmoqda. Qolgan 17 ta qurtxona ham yil oxirigacha qurilib, ipak qurti boqish uchun tayyor holga keltiriladi.
Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, 2019 yilda Samarqand viloyatida 1- va 2-mavsum uchun 48 ming 100 quti ipak qurtlari tarqatilib, 2 ming 645 tonna pilla yetishtirish rejalashtirilgan. Jami viloyat bo‘yicha 2 ming 655 tonna pilla tayyorlandi hamda bu ko‘rsatkich yuz foizga bajarildi.
Bahorgidan farqli ravishda avgust-sentabr oylarida 3-4-mavsum uchun pilla boqish majburiy bo‘lmasdan, fermer xo‘jaliklari tomonidan emas, kasanachilik asosida 7 ming 140 quti ipak qurti boqildi. Viloyat pillakorlari kuzgi takroriy pilla xom ashyosi yetishtirish uchun ipak qurtini yuqori agrotexnik talablar asosida parvarish qildi.
Ular 3-mavsumda 3 ming 919 qutidan 156,9 tonna va 4-mavsumda 3 ming 221 qutidan 129,4 tonna, jami 286,3 tonna tirik pilla yetishtirib, reja yuz foizga bajarildi. O‘rta hisobda pillakorlar har bir qutidan 40-41 kilogrammdan hosil oldi.
Viloyatda kuzgi qo‘shimcha boqilgan ipak qurtidan olingan 286,3 tonna pilla hisobidan 1,1 million dollarlik ipak va ipak mahsulotlari eksport qilish ko‘zda tutilgan.
Umumiy hisobda joriy 2019 yilda yetishtirilgan pilla xom ashyosidan viloyatda faoliyat yuritayotgan 7 ta pillani qayta ishlash korxonalari tomonidan 2020 yilning ikkinchi choragigacha 10 million dollarlik ipak va ipak mahsulotlari eksporti amalga oshiriladi.