Pillakorlarga subsidiya ajratish tartibi qanday amalga oshirilmoqda?
Yurtimizda innovatsion g‘oyalar jadal rivojlanib kelayotgan bugungi kun sharoitida barcha sohalar singari pillachilikda ham katta yangiliklar amaliyotga joriy qilinmoqda.
O‘zining asriy tarixiga ega bo‘lgan ipak qurtini yetishtirish borasida dono xalqimiz ancha samarali usullaridan foydalanib undan mo‘l hosil olish jarayonlarini o‘rgandi. O‘z o‘rnida ularning mehnatlari davlatimiz tomonidan munosib mukofotlanmoqda.
Xususan, davlatimiz rahbarining 2021 yil 8 iyuldagi "Respublikada mavjud yaylovlardan unumli foydalanish, ipak va junni qayta ishlashni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq joriy yil 1 yanvardan boshlab xonadonlarda pilla yetishtiruvchi jismoniy shaxslarga yetishtiriladigan pilla (ho‘l pilla) hosilining har bir kilogrammi uchun 5 ming so‘m miqdorida respublika byudjeti hisobidan subsidiya ajratilishi yo‘lga qo‘yildi.
Xo‘sh, mas’ul tashkilotlar tomonidan subsidiya ajratish tartibi qanday amalga oshirilmoqda? Subsidiya oluvchilarga bu borada qulayliklar yaratilayaptimi? Shu kabi savollar bilan biz O‘zbekiston Respublikasi Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi raisi Bahrom Sharipov bilan suhbatlashdik.
–“O‘zbekipaksanoat” uyushmasi Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi bilan birgalikda har yili pillachilik klasterlari va ipak qurti urug‘chilik korxonalari takliflariga asosan kelgusi yilda pilla yetishtirish hajmi bo‘yicha asosiy maqsadli ko‘rsatkichlarini ishlab chiqadi, –dedi Bahrom Sharipov. – Ayni kunlarda, respublikamiz hududlarida ipak qurtlarini parvarishlab pilla xomashyosi yetishtiruvchi aholiga Vazirlar Mahkamasining “Pilla yetishtiruvchi jismoniy shaxslarga ular tomonidan yetishtirilgan pilla (ho‘l pilla) hosili uchun subsidiya ajratish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarorining mazmun-mohiyati va amaliy ahamiyatini tushuntirish hamda targ‘ibot qilish ishlari amalga oshrilmoqda.
Xususan, qaror bilan tasdiqlangan nizomga asosan, Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi tomonidan har yili 20 iyulgacha mamlakatimizdagi pilla yetishtirish prognozlari ishlab chiqilib Moliya vazirligiga beriladi. Moliya vazirligi prognoz asosida byudjetdan subsidiya ajratib qo‘mitaga 1 fevralgacha o‘tkazib beradi. Pillachilik klasterlari va tashkilotlari “Agropilla”MCHJlar bilan supsidiya oluvchilar ro‘yxatini shakllantiradi va 25 fevralgacha uyushmaning xududiy boshqarmasiga beradi. Xududiy boshqarma esa ro‘yxatlarni umumlashtirib 1 martgacha qo‘mitaga yuboradi. Qo‘mita tomonidan 10 aprelgacha pullarni subsidiya oluvchilarga berish uchun maxsus hisobvaraqlarga o‘tkazadi. Yetishtirilgan pilla hosili uchun mazkur subsidiya 2025 yil 1 yanvarga qadar ajratiladi.
Pillachilik klasterlari va ipak qurti urug‘chilik tashkilotlari o‘z maxsus hisobvaraqlaridagi subsidiya uchun tushgan mablag‘lar subsidiya oluvchilarning faqat bank kartalariga, agar bank kartasi ochilmagan bo‘lsa, bankda ularning nomlariga ochilgan bank hisobvaraqlariga taqsimlaydi.
Mazkur qaror ijrosini ta’minlash borasida joylarda ayrim muammo va kamchiliklar yoki tushunmovchilar vujudga kelgan taqdirda, qo‘mita tomonidan ushbu holat sabablari tez fursatda o‘rganiladi hamda uni bartaraf qilish chorasi ko‘riladi.
Pillachilik klasterlari va ipak qurti urug‘chilik korxonalari tomonidan mazkur qaror ijrosini ta’minlanishini doimiy ravishda nazorat qilinadi va qonun buzilishlarga yo‘l qo‘yilmasligi yuzasidan amaliy chora-tadbirlar olib boradi.
Yetishtirilgan pilla xomashyosining har bir kilogrammi uchun 24 700 so‘m pillaning o‘rtacha harid narxi bo‘yicha hamda 5 000 so‘m miqdorida subsidiya mablag‘lari pillachilik klasterlari va ipak qurti urug‘chilik korxonalari tomonidan qurt boquvchilarga to‘lab beriladi.
O‘zA muxbiri Gulnoza Boboyeva suhbatlashdi.