Pillachilik — iqtisodiy o‘sish va bandlikning muhim drayveri
Sirdaryo viloyati Boyovut tumanida pillachilik sohasini yanada rivojlantirish, tutchilik zanjirini mustahkamlash hamda ipak qurti parvarishini zamonaviy agrotexnologiyalar asosida tashkil etish masalalariga bag‘ishlangan muhim tadbir bo‘lib o‘tdi.
Usmon Yusupov mahallasida ilg‘or pillakor va inkubatorchi Oyxol Musayeva xonadonida tashkil etilgan amaliy seminarda fermer xo‘jaliklari va agroklasterlar vakillari, shuningdek, pillachilik sohasiga qiziqish bildirgan aholi ishtirok etdi. Tadbirda tuman hokimi Niyoz Hazratqulov sohada mavsumiy jarayonlarni tizimli tashkil etish, ilmiy yondashuvlarni keng joriy etish hamda ishlab chiqarish hajmini izchil oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalarni alohida ta’kidladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy mavsumda tumanda 2084 quti ipak qurti parvarishlanishi hamda 125 tonnadan ortiq sifatli pilla yetishtirish rejalashtirilgan. Bu ko‘rsatkichlar nafaqat hududning qishloq xo‘jaligi salohiyatini yangi bosqichga olib chiqadi, balki aholi bandligini ta’minlash va eksport salohiyatini kengaytirishda ham muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Ta’kidlanishicha, belgilangan yuqori natijalarga erishishda tutzorlarning agrotexnik holati, ozuqa bazasining barqarorligi hamda parvarish jarayonlarining ilmiy asosda tashkil etilishi hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

Bugun tutchilik zanjirini mustahkamlash masalasi sohadagi eng ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida ko‘rilmoqda. Bu borada tut daraxtlarini agrotexnik talablar asosida parvarishlash, mineral va organik o‘g‘itlardan oqilona foydalanish, biologik himoya usullarini joriy etish orqali barg hosildorligini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Natijada ipak qurti uchun barqaror va sifatli ozuqa bazasi shakllanib, pilla hosildorligini sezilarli darajada oshirish imkoni yaratilmoqda.

Seminar davomida inkubatsiya jarayonlarini to‘g‘ri tashkil etish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, tuxumlarni ochirish davrida harorat va namlik rejimini zamonaviy texnologiyalar yordamida qat’iy nazorat qilish yuqori chiqimga erishishning asosiy sharti ekani qayd etildi.
Shuningdek, parvarish bosqichlarida agrotexnik talablarga to‘liq rioya etish, zararkunanda va kasalliklarga qarshi profilaktik choralarni o‘z vaqtida ko‘rish ishlab chiqarish samaradorligini oshirishda muhim omil ekani ta’kidlandi.

Bundan tashqari, sohani yanada rivojlantirish maqsadida seleksiya ishlarini kuchaytirish, intensiv tutzorlar maydonini kengaytirish, yuqori mahsuldor ipak qurti navlarini joriy etish, tayyor mahsulotni chuqur qayta ishlash va eksportga yo‘naltirish, shuningdek, mavsum davomida har bir qutidan yuqori hosil olish hamda qishloq aholisi daromadlarini oshirish kabi dolzarb masalalarga alohida e’tibor qaratildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri