Pilla yetishtirishda xorij tajribasi (+видео)
Chinoz tumanida Vetnam, Xitoy tajribasi bo‘yicha “Ipak qurtini uch yoshgacha boqib tarqatishning afzalliklari” mavzusidagi ilmiy-amaliy seminar o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Zulayho Mahkamova, Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri o‘rinbosari Ra’no Turdiboyeva, Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti olimlari, yurtimizning barcha hududlaridagi xotin-qizlar bandligiga mas’ul mutaxassislar, fermerlar, klasterlar va pillani qayta ishlovchi korxonalar rahbarlari qatnashdi.

Dastlab seminar qatnashchilariga “Birlik” mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan ipak qurtini jonlantirish va uch yoshgacha boqish maskani ko‘rsatildi. Mazkur majmuada pilla qurti xitoy tajribasi asosida boqilib, joylardagi mahallalarda aholiga tarqatiladi. Buning uchun bino zarur bo‘lgan barcha jihozlar bilan ta’minlangan.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, mamlakatimiz hozir dunyoda pilla yetishtirish bo‘yicha uchinchi o‘rinda turadi. Mavsumda bir quti ipak qurti urug‘idan o‘rtacha 60 kilogramm pilla hosili olishga erishmoqda. O‘zbekistonning geografik joylashuvi ayni paytda ipak qurti yetishtirish uchun qulay ekologik hudud hisoblanib, har yili 450-500 ming qutidan ziyod ipak qurti parvarishlanmoqda.

Bu yil birgina Chinoz tumanida 3 ming 25 quti boqiladi va undan jami 181 tonna pilla yetishtirish rejalashtirilgan. Shuni e’tiborga olib, hozir pillakorlar yuqori namlikda ipak qurtini boqish texnologiyasiga o‘tmoqda. Ishtirokchilarga ipak qurti urug‘ini jonlantirish va qurtlarni kichik yoshlarida, markazlashtirilgan holda qurtxonalarda boqishning afzalliklari haqida aytildi.
Shundan so‘ng amaliy seminar tumanning Gulzorobod hududida davom etdi. Unda mas’ullar tomonidan pillachilik sohasida amalga oshirilgan ishlar samaradorligi hamda 2025 yilda belgilab olingan ustuvor vazifalar haqida so‘z yuritildi.

– Toshkent viloyatida fermer xo‘jaliklari va tutzorlarga biriktirilgan kasanachilar bilan pilla xomashyosini yetishtirish bo‘yicha shartnoma tuzish ishlari to‘liq yakunlangan, – deydi “Toshkent agro pilla” MCHJ rahbari R. Meyliyev. – Hozirgi kunda 137 ta inkubatoriyalar mavsumga tayyor holatga keltirilgan, mavsumga kerak bo‘ladigan jihozlar zaxirasi to‘liq yaratilgan. Shu bilan birga, 9 ta pillachilik klasterlari tomonidan xorijdan keltiriladigan 23 ming 266 quti ipak qurti urug‘iga Xitoy davlati korxonalari bilan shartnoma qilindi.
Hozirda Xitoy davlatidan urug‘ kelishi kutilmoqda. Kutilayotgan havo haroratiga qarab, 29 martdan 5 aprelgacha joylardagi inkubatoriyalarga ipak qurti urug‘larini quyish rejalashtirilgan.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/HzP1JNd4pWA" title="Pilla yetishtirishda xorij tajribasi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>A.Musayev (surat, video), O‘zA.