Pilla yetishtirish mavsumi maromida bormoqda
Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanidagi “Yangiobod” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida o‘tkazilgan amaliy seminar nafaqat mavsumiy tadbir, balki mamlakatimizda pillachilikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan tizimli islohotlar ifodasi bo‘ldi. Unda yangilanish ruhi, mehnat zavqi va islohotlar nafasi uyg‘unlashib, har bir ishtirokchini yangi marralar sari ilhomlantirdi.
Respublika Fermerlar kengashi ishchi guruhi rahbari Xursanoy Nizomiddinova boshchiligida tashkil etilgan ushbu uchrashuvda ayol fermerlar va pilla parvarishi bilan shug‘ullanayotgan fuqarolar ishtirok etib, sohadagi dolzarb vazifalar yuzasidan fikr almashdi, amaliy tavsiyalar berildi.
Seminarda ta’kidlanganidek, bugun pillachilik sohasida amalga oshirilayotgan ishlar mamlakatimiz rahbarining 2017-yil 29-martdagi “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida izchil davom ettirilmoqda. Mazkur hujjat sohada klaster tizimini joriy etish, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish hamda aholi bandligini ta’minlash kabi muhim yo‘nalishlarni belgilab bergani bilan ahamiyatlidir.

Joriy mavsumda Jizzax viloyati pillakorlari zimmasiga ming tonnalab qimmatbaho xom ashyo — kumush tola yetishtirish vazifasi yuklatilgan bo‘lib, Sharof Rashidov tumani ham bu borada munosib hissa qo‘shishi kutilmoqda. Bu yuksak ishonch ayni paytda katta mas’uliyat demakdir.
Darhaqiqat, tumanda pillachilik mavsumi yuqori uyushqoqlik va mas’uliyat bilan olib borilmoqda. Ipak qurtlari markazlashgan qurtxonalarda ham, aholi xonadonlarida ham agrotexnik talablarga qat’iy rioya etilgan holda parvarish qilinmoqda. Bu esa sifat va samaradorlikning mustahkam poydevoriga aylanmoqda.
Xususan, Yangiobod mahallasida 120 quti ipak qurti qabul qilinib, ularning 40 qutisi zamonaviy pillaxonalarga, 80 qutisi esa xonadonlarga joylashtirildi. Bunday oqilona taqsimot mehnatni to‘g‘ri tashkil etish, har bir ishtirokchining mas’uliyatini oshirish va, eng muhimi, mahsuldorlikni yuksaltirishga xizmat qilmoqda.

— Pillachilikda jizzaxlik ayollar respublikaga o‘rnak bo‘larli ishlarni amalga oshirmoqda, — deydi Respublika Fermerlar kengashi ishchi guruhi rahbari Xursanoy Nizomiddinova. — Ular nafaqat o‘z oilasi daromadini oshiryapti, balki butun tarmoq rivojiga munosib hissa qo‘shmoqda. Ayniqsa, uy sharoitida pilla parvarishi orqali ayollar bandligini ta’minlash, ularning iqtisodiy faolligini oshirishda erishilayotgan natijalar tahsinga sazovor. Bu tajriba, shubhasiz, respublika bo‘ylab keng yoyilishi lozim.
Bugun pillakorlar qalbida bir maqsad — yuksak natijaga erishish, mehnati samarasini ko‘rish ishtiyoqi jo‘sh urmoqda. Ular har bir ipak tolasida o‘z mehnati, sabri va umidini mujassam etayotgandek. Shu bois mavsumni puxta va samarali tashkil etish nafaqat iqtisodiy manfaat, balki ijtimoiy barqarorlik, aholi bandligi va farovonligi uchun ham muhim omilga aylanmoqda.
Xulosa qilib aytganda, Yangioboddagi bugungi sa’y-harakatlar yurtimizda pillachilikni yanada rivojlantirish, uni eksportbop va raqobatbardosh tarmoqqa aylantirish yo‘lidagi ishonchli qadamlardir. Mehnat va islohot uyg‘unligi esa, shubhasiz, barakali natijalarni ta’minlaydi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA