Pilla terimi qizg‘in pallaga kirdi
Sirdaryo viloyati Oqoltin tumanida bu yilgi pilla hosilini yig‘ib olish ishlari jadal sur’atda davom etmoqda. Joriy mavsumda tuman pillakorlari 1383 quti ipak qurti parvarishlab, 83 tonna “kumush tola” yetishtirishni maqsad qilishgan.
Ahillik mahallasidagi pilla qabul qilish maskanlarida faol mehnat jarayoni yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Pillachilik orqali, ayniqsa, xotin-qizlar uchun qo‘shimcha daromad manbalari yaratilayotgani diqqatga sazovor.

Mazkur tadbir munosabati bilan tuman oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Shoira Qarshiboyeva pilla terimida qatnashayotgan kasanachi ayollar bilan uchrashdi. U mehnatkash ayollarning sa’y-harakatlarini yuqori baholab, dastlabki xirmonlariga baraka tiladi.
– Pillachilik nafaqat milliy an’analarimizdan biri, balki ayollar uchun oilaviy byudjetni mustahkamlash va tadbirkorlik salohiyatini namoyon etishda muhim vositaga aylanmoqda. Tumandagi minglab xotin-qizlar ushbu soha orqali iqtisodiy faol aholi qatlamining muhim qismiga aylanmoqda, – dedi Sh. Qarshiboyeva.

Uchrashuv davomida tajribali pillakorlar o‘z bilim va ko‘nikmalari bilan o‘rtoqlashdi, mahsuldorlikni oshirish hamda pillachilikni zamonaviy biznesga aylantirishga doir tavsiyalar berishdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri