Peterburg forumi O‘zbekiston uchun qanday imkoniyatlar ochmoqda?
Global iqtisodiyot yangi transformatsiya bosqichiga kirgan hozirgi sharoitda davlatlarning xalqaro munosabatlardagi muvaffaqiyati ko‘p jihatdan ularning integratsiya jarayonlarida qay darajada faol ishtirok etayotgani bilan belgilanmoqda. Jahon bozorlarida raqobat kuchayib, geosiyosiy ziddiyatlar tobora chuqurlashayotgan bir paytda tashqi iqtisodiy aloqalarni diversifikatsiya qilish va yangi hamkorlik maydonlarini izlash strategik zaruratga aylandi.
Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti professoriNodirbek Rasulov qayd etishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekiston aynan shu yo‘nalishda pragmatik yondashuvni tanladi. Mamlakat tashqi siyosatining asosiy xususiyati mafkuraviy yoki siyosiy qarashlar emas, balki milliy iqtisodiy manfaatlar ustuvorligiga asoslanayotganida namoyon bo‘lmoqda. Shu bois Toshkent Shanxay hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti va Jahon savdo tashkiloti kabi tuzilmalar bilan munosabatlarni izchil rivojlantirib kelmoqda.
Bu siyosatning amaliy natijalari ham ko‘zga tashlanmoqda. O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi va investitsiyaviy jozibadorligi ortib bormoqda, mamlakat sanoatiga yirik sarmoyalar jalb etilmoqda, mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun yangi bozorlar ochilmoqda. Bunday sharoitda Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi nafaqat navbatdagi xalqaro tadbir, balki mamlakat iqtisodiy diplomatiyasining muhim vositalaridan biri sifatida namoyon bo‘lmoqda.
3-6-iyun kunlari Sankt-Peterburg shahrida bo‘lib o‘tayotgan XXIX Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi aynan shu jihatdan alohida ahamiyatga ega. Forumning bu yilgi “Pragmatik muloqot — barqaror kelajak sari yo‘l” shiori ham zamonaviy xalqaro munosabatlarda iqtisodiy manfaatlar va amaliy hamkorlik tobora muhim ahamiyat kasb etayotganini anglatadi.
Bugungi kunda dunyo iqtisodiyoti bir vaqtning o‘zida bir nechta sinovlarga duch kelmoqda. Geosiyosiy raqobat, ta’minot zanjirlaridagi uzilishlar, energetika bozoridagi o‘zgarishlar, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarning tezkor rivojlanishi davlatlarni yangi yechimlar izlashga majbur qilmoqda. Peterburg forumi ana shu muammolar muhokama qilinadigan va ularga amaliy yondashuvlar ishlab chiqiladigan maydon sifatida shakllanib bormoqda.
Bu yilgi forum dasturining beshta asosiy yo‘nalishi ham global iqtisodiyotning eng dolzarb masalalarini qamrab olgan. Xalqaro hamkorlikning yangi modellari, texnologik yetakchilik, inson kapitali, hayot sifati va kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash masalalari mamlakatlar kelajagini belgilaydigan ustuvor yo‘nalishlar sifatida ko‘rilmoqda.
O‘zbekiston uchun mazkur mavzularning har biri alohida ahamiyat kasb etadi, chunki mamlakatda olib borilayotgan iqtisodiy islohotlar aynan investitsiya muhitini yaxshilash, inson kapitalini rivojlantirish, yuqori texnologiyali ishlab chiqarishni kengaytirish va xususiy sektor ulushini oshirishga qaratilgan.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, Prezident Shavkat Mirziyoyevning forumdagi ishtiroki va yalpi majlisdagi nutqi nafaqat ikki tomonlama munosabatlar nuqtai nazaridan, balki O‘zbekistonning xalqaro iqtisodiy kun tartibidagi o‘rnini namoyon etish jihatidan ham muhim ahamiyatga ega, chunki bugun mamlakat xalqaro maydonda faqat islohotlar olib borayotgan davlat sifatida emas, balki mintaqaviy barqarorlik va iqtisodiy hamkorlik tashabbuslarini ilgari surayotgan faol ishtirokchi sifatida ham qaralmoqda.
Eng muhimi, Peterburg forumi O‘zbekiston uchun yangi investitsiyalar jalb qilish, eksport bozorlarini kengaytirish va texnologik hamkorlikni mustahkamlash imkonini beradi. Forumda 130 dan ortiq mamlakat vakillarining qatnashishi mamlakat iqtisodiy salohiyatini keng xalqaro auditoriyaga namoyish qilish uchun qulay sharoit yaratadi.
Shu tariqa, PXIF-2026 O‘zbekiston uchun navbatdagi diplomatik tadbir emas, balki pragmatik integratsiya siyosatining amaliy ifodasi hisoblanadi. Forum mamlakatning xalqaro iqtisodiy aloqalarini mustahkamlash, yangi sheriklar topish va milliy taraqqiyot maqsadlarini ilgari surishga xizmat qiluvchi muhim platforma sifatida ahamiyat kasb etmoqda.
Investitsiyalar, inson kapitali va eksport: Peterburg forumi O‘zbekiston iqtisodiyotiga qanday ta’sir ko‘rsatishi mumkin?
Peterburg xalqaro iqtisodiy forumining O‘zbekiston uchun ahamiyatini faqat siyosiy muloqot yoki xalqaro nufuz bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Asosiy masala forumning mamlakat iqtisodiyotiga qanday amaliy natijalar olib kelishi mumkinligida namoyon bo‘ladi. Ayniqsa, investitsiyalar jalb qilish, inson kapitalini rivojlantirish va eksport salohiyatini kengaytirish kabi ustuvor vazifalar nuqtai nazaridan mazkur maydon O‘zbekiston uchun muhim imkoniyatlar eshigini ochadi.
Avvalo, forum investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish uchun qulay sharoit yaratadi. Bugungi kunda iqtisodiy o‘sishning asosiy manbalaridan biri tashqi sarmoya hisoblanadi. Yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va infratuzilmani modernizatsiya qilish uchun katta moliyaviy resurslar talab etiladi. Peterburg forumi esa davlatlar, moliyaviy institutlar va xususiy kompaniyalarni bir maydonda jamlaydigan kam sonli platformalardan biri hisoblanadi.
Ekspert Lobar Xushnazarova tahlillariga ko‘ra, O‘zbekiston uchun bu, eng avvalo, mamlakatda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarni xalqaro investorlarga bevosita taqdim etish imkoniyatidir. Sanoat, energetika, transport, qishloq xo‘jaligi va raqamli iqtisodiyot sohalaridagi loyihalarga qiziqish bildiruvchi kompaniyalar bilan muzokaralar o‘tkazish imkoniyati investitsiya oqimini yanada oshirishga xizmat qilishi mumkin.
Ikkinchi muhim yo‘nalish inson kapitali bilan bog‘liq. So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ta’lim, ilm-fan va kadrlar tayyorlash masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Zamonaviy iqtisodiyotning raqobatbardoshligi ko‘p jihatdan inson resurslarining sifatiga bog‘liq bo‘lib bormoqda.
PXIF dasturida inson kapitali va ijtimoiy sohaga bag‘ishlangan alohida yo‘nalishning mavjudligi ham bejiz emas. Bu yerda mehnat bozoridagi o‘zgarishlar, zamonaviy kasblar, ta’lim tizimini modernizatsiya qilish, raqamli ko‘nikmalarni shakllantirish va yuqori malakali kadrlar tayyorlash bilan bog‘liq masalalar muhokama qilinadi. Bunday muloqotlar O‘zbekiston uchun ilg‘or tajribalarni o‘rganish va ularni milliy taraqqiyot strategiyasiga tatbiq qilish imkonini beradi.
Ayniqsa, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar jadal rivojlanayotgan sharoitda kadrlar tayyorlash masalasi iqtisodiy xavfsizlikning muhim qismiga aylanmoqda. Shu nuqtai nazardan, forumdagi uchrashuvlar ta’lim muassasalari, tadqiqot markazlari va yuqori texnologiyali kompaniyalar o‘rtasida yangi hamkorlik mexanizmlarini shakllantirishga xizmat qilishi mumkin.
Uchinchi muhim masala eksport salohiyatini kengaytirish bilan bog‘liq. O‘zbekiston iqtisodiyoti oldida turgan asosiy vazifalardan biri tashqi bozorlarda milliy mahsulotlar ulushini oshirish hisoblanadi. Buning uchun esa yangi xaridorlar, logistika yo‘nalishlari va savdo sheriklarini topish zarur.
Peterburg forumida yuzlab kompaniyalar va o‘nlab mamlakatlardan kelgan biznes doiralari ishtirok etayotgani mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun keng imkoniyatlar yaratadi. To‘qimachilik, oziq-ovqat sanoati, kimyo mahsulotlari, qurilish materiallari va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini tashqi bozorlarga chiqarish bo‘yicha yangi kelishuvlarga erishish ehtimoli yuqori.
Shu bilan birga, forum O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish nuqtai nazaridan ham ahamiyatlidir. Ikki davlat o‘rtasidagi sanoat kooperatsiyasi, transport yo‘laklari, energetika va yuqori texnologiyalar sohasidagi qo‘shma loyihalar nafaqat ikki mamlakat, balki butun Markaziy Osiyo iqtisodiy makoni uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston tashqi siyosatining muhim jihati shundaki, mamlakat bir vaqtning o‘zida turli iqtisodiy markazlar bilan hamkorlikni rivojlantirmoqda. Rossiya, Xitoy, Turkiya, Yevropa Ittifoqi davlatlari, AQSH va qo‘shni mamlakatlar bilan aloqalarning muvozanatli tarzda kengayishi tashqi iqtisodiy munosabatlarni diversifikatsiya qilish imkonini bermoqda. Bu esa mamlakat iqtisodiyotining tashqi ta’sirlarga nisbatan barqarorligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi O‘zbekiston uchun navbatdagi xalqaro anjuman emas. U mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini kuchaytirish, inson kapitalini rivojlantirish, eksport geografiyasini kengaytirish va yangi texnologik sherikliklarni shakllantirishga xizmat qiluvchi muhim iqtisodiy diplomatiya maydonidir. Eng muhimi, forumda muhokama qilinayotgan g‘oyalar va imzolanayotgan kelishuvlar oxir-oqibat mamlakat iqtisodiyotining o‘sishi, yangi ish o‘rinlarining yaratilishi va aholi farovonligining oshishiga xizmat qilishi mumkin.
Musulmon Ziyo, O‘zA