Peshkuda yana bir korxona ish boshladi
Buxoro viloyati Peshku tumanida “Peshku agroklaster yog‘-moy” MCHJ korxonasi ish boshladi. Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda viloyat hamda tuman mutasaddilari, sektorlar rahbarlari, agroklaster ma’muriyati, zavod ishchi xizmatchilari, jamoatchilik vakillari qatnashdi.
Ochilish marosimida so‘z olgan viloyat hokimi Botir Zaripov va boshqalar peshkuliklarni yangi ishlab chiqarish korxonasi bilan tabrikladi. Uning iqtisodiy salohiyati va mahalliy ishlab chiqarishdagi ulushi xususida to‘xtalib o‘tdi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda tumanni har tomonlama taraqqiy ettirish maqsadida bir qator ijtimoiy-iqtisodiy dasturlar qabul qilindi. Ular doirasida amalga oshirilayotgan tizimli ishlar natijasida Peshku sanoatlashgan, yildan-yilga eksport salohiyati oshib borayotgan hududlardan biriga aylanmoqda. Bunga esa tumanning bor imkoniyatlaridan kelib chiqib ish ko‘rilayotgani, hudud iqlim sharoiti, aholi tajribasi va ko‘nikmasiga mos tarmoqlarni rivojlantirishga e’tibor qaratilayotgani asos bo‘lmoqda.
Mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi “Buxoro agroklaster” paxta-to‘qimachilik klasterining navbatdagi yirik loyihasi – “Peshku agroklaster yog‘-moy” ishlab chiqarish korxonasining foydalanishga topshirilgani ham ana shu maqsadga xizmat qiladi.
[gallery-9766]
Xususan, “Buxoro agroklaster” MCHJ tomonidan joriy yil hududiy investitsiya dasturi doirasida qiymati 5 million AQSH dollariga teng bo‘lgan zamonaviy “Yog‘-moy ishlab chiqarish kompleksini tashkil etish” loyihasi ishlab chiqilgan bo‘lib, unga muvofiq mazkur klaster tomonidan 3,2 million AQSH dollari hamda Hukumat komissiyasi ko‘magida “Agrobank”ning 10 milliard so‘m kredit mablag‘i ajratilgan. Loyiha to‘la quvvatda ishga tushishi bilan yiliga 50 ming tonna chigitni qayta ishlab, 11 ming tonna sifatli yog‘, 29 ming tonna shrot, 20 ming tonna sheluxa ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilmoqda. Qisqa qilib aytganda, bunda yiliga jami 12,4 million AQSH dollari qiymatidagi mahsulot ishlab chiqarilib, byudjetga 1 million AQSH dollaridan ortiq tushum qabul qilinadi. Bundan tashqari, yiliga 8,8 million AQSH dollarga teng qiymatda import qilinayotgan yog‘ mahsuloti qisqartiriladi.
Tantanada yig‘ilganlar zavodda yaratilgan mehnat sharoitlari, yangi sexlar ishlab chiqarish salohiyati bilan tanishtirildi.
Ayni paytda Peshku tumanida ishlab chiqarishni kengaytirish, shu orqali tumanning iqtisodiy imkoniyatlarini oshirish, aholi bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada bir qator yangi loyihalar amalga oshirilmoqda. Yaqin orada hududda “Buxoro agroklaster” paxta-to‘qimachilik klasteri tomonidan yangi tikuv va to‘quv fabrikasi ish boshlashini inobatga olsak, kelgusida hududning eksport salohiyati yanada oshadi.
Ma’lumot uchun, Peshku tumani paxta tozalash zavodi negizida o‘tgan bir necha oyda barpo etilgan mazkur korxona qiymati 4,4 million AQSH dollariga teng bo‘lib, korxona sharofati bilan endilikda 140 nafar mahalliy fuqaro doimiy ish bilan ta’minlanmoqda. Zarur xom ashyo – chigit ombori, tozalash–presslash, qayta ishlash va qadoqlash sexlari, shuningdek, maxsus laboratoriyasiga ega korxona zamonaviy texnologiya bilan jihozlangan. “Peshku agroklaster yog‘ – moy” hududda chorvachilikni rivojlantirishda ham o‘z o‘rniga ega bo‘lishi kutilmoqda. Bu yerda kuniga 150 tonna chigitni qayta ishlash imkoniyati mavjud.
Zarif Komilov, O‘zA