AQSH mudofaa vaziri Pit Xegsetning fikricha, Qo‘shma Shtatlar kemasozlik sohasida Xitoyga yutqazmoqda, sanoatdagi tizimli muammolar tufayli dengizdagi ustunligini yo‘qotmoqda.
Shuningdek u mamlakatda sanoat zaxirasi kamayib borayotgani, ishlab chiqarish quvvati yetishmasligini qo‘shimcha qilgan.
– Kema qurishda yutqazyapmiz – ham sig‘im, ham son bo‘yicha, Xitoyning bu boradagi quvvati bizdan 230 barobar ko‘p, – dedi Xegset Vakillar palatasi Qurolli kuchlar qo‘mitasi tinglovida. – Chin harbiy kemalarining 70 foizi 2010 yildan keyin suvga tushirilgan, AQSHda esa ayni miqdor bor-yo‘g‘i 23 foiz. Shu bilan birga davlatimizning suvdagi ustunligi o‘nlab yillar davomida sanoatsizlashtirish, kemani yasash va ta’mirlash quvvati harbiy va tijorat nuqtai nazaridan qisqarishi tufayli tezlik bilan boy berilmoqda. Kemasozlik dengiz floti, Prezident Tramp va shaxsan men uchun birinchi raqamli ustuvor vazifa. Biz soliq to‘lovchilarning milliardlab dollar pulini endi kechikish va sig‘im yetishmasligi uchun sarflay olmaymiz.
Shuningdek, mulozim mamlakat Harbiy-dengiz kuchlarining maqsadi flot tarkibini 381 kemaga yetkazish ekani, hozir esa zaxira 300 dan pastligini ta’kidlab, urush sharoitida bu halokatli oqibatga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirgan.
S.Rahimov, O‘zA