Pensiyaning eng kam miqdorlari oshirildi
Prezident Farmoni (PF-24-son, 31.01.2024 y) bilan ayrim hujjatlarga o‘zgartirishlar kiritildi.
Ushbu farmonga ko‘ra, 2024 yil 1 fevraldan, ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi yoshga doir pensiyaning eng kam miqdori qo‘shimcha to‘lovni hisobga olgan holda – oyiga 621 ming so‘m, boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun pensiyaning eng kam miqdori – oyiga 621 ming so‘m etib belgilanib, keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun amaldagi tartibga muvofiq pensiya to‘lanadi.
Ta’kidlash kerakki, O‘zbekistonda 2024 yil uchun minimal iste’mol xarajatlari miqdori (kambag‘allik darajasi) kishi boshiga 1 oyga 621 ming so‘m deb belgilangandi.
Ma’lumot o‘rnida shuni aytish joizki, so‘nggi bor maoshlar va pensiyalar o‘tgan yili dekabr oyida 7 foizga oshirilgandi. Shu jumladan, pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori – 372 ming (hozir 347 ming) so‘m, yoshga doir eng kam pensiya miqdori – 725 ming (hozir 677 ming) so‘m, mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori – 1 mln 50 ming (hozir 980 ming) so‘m, bazaviy hisoblash miqdori – 340 ming (hozir 330 ming) so‘m etib belgilangan.
Bu o‘zgarishlar bugun, 1 fevraldan kuchga kiradi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA