Pensiya islohoti: fuqarolarning e’tiroz va takliflari inobatga olinadimi?
Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazida pensiya ta’minoti tizimini takomillashtirishga qaratilgan islohotlar yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda pensiya ta’minoti tizimidagi mavjud muammolar, taklif etilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati, fuqarolar uchun kutilayotgan natijalar hamda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan loyiha yuzasidan jurnalistlarning savollariga mutasaddilar tomonidan javob berildi.
Pensiya islohoti loyihasi nega jamoatchilik muhokamasiga 15 kunga qo‘yildi?
Matbuot anjumanida muhokama qilingan asosiy masalalardan biri — pensiya islohoti loyihasining jamoatchilik muhokamasida bo‘lish muddati bilan bog‘liq bo‘ldi. Ma’lum qilinishicha, loyiha 15-sentabr kuni jamoatchilik muhokamasiga joylashtirilgan. Amaldagi tartibga ko‘ra, normativ-huquqiy hujjat loyihasi jamoatchilik muhokamasida kamida 15 kun bo‘lishi kerak. Mutasaddilarning ta’kidlashicha, 15 kun — loyihaning muhokamada bo‘lishi mumkin bo‘lgan eng qisqa muddat. Ya’ni, loyiha belgilangan muddat tugashi bilan avtomatik ravishda muhokamadan chiqarilishi shart emas. Zarur bo‘lsa, jamoatchilikdan qo‘shimcha fikr va takliflarni olish uchun muhokama muddati uzaytirilishi mumkin.
Jamoatchilik fikrlari inobatga olinadimi?
Matbuot anjumanida loyiha yuzasidan jamoatchilik tomonidan bildirilayotgan fikr va takliflar ham muhokama qilindi. Mutasaddilarning qayd etishicha, muhokama davomida kelib tushayotgan barcha takliflar o‘rganilmoqda va tahlil qilinmoqda. Qabul qilish mumkin bo‘lgan takliflar loyiha matniga kiritilishi, rad etilgan takliflar bo‘yicha esa tegishli asoslar ko‘rsatilishi belgilangan. Shuningdek, jamoatchilik muhokamasi yakunlangach, loyiha taklif va mulohazalar asosida qayta ko‘rib chiqilib, keyingi huquqiy ekspertiza jarayonlari uchun tegishli vazirlikka kiritilishi ma’lum qilindi.

Pensiya yoshini oshirish bo‘yicha qanday takliflar bor?
Jurnalistlar tomonidan fuqarolar orasida, xususan, pensiya yoshini oshirishga qarshi fikrlar ham mavjudligi ta’kidlanib, bunday takliflarning loyiha yakuniy variantida qay darajada inobatga olinishi so‘raldi. Mutasaddilar bu masala bo‘yicha ham turli takliflar kelib tushayotganini bildirdi. Jumladan, pensiya yoshini birdaniga uch yilga oshirish o‘rniga, mazkur jarayonni bosqichma-bosqich amalga oshirish — har yili uch oydan oshirib borish taklifi ham bildirilgan. Qayd etilishicha, bunday takliflar hozirda o‘rganilmoqda va jamoatchilik muhokamasi yakunida ularning qaysi biri qabul qilinishi yoki rad etilishi bo‘yicha tegishli qarorlar shakllantiriladi.

Pensiyani hisoblashda 20 yillik ish staji hisobga olinishi pensiya miqdoriga qanday ta’sir qiladi?
Matbuot anjumanida pensiya hisob-kitobida fuqarolarning ish stajini hisobga olish muddati bilan bog‘liq masala ham ko‘tarildi. Amaldagi yondashuvda fuqaroning pensiyasini hisoblashda ma’lum davrdagi ish haqi va mehnat faoliyati ko‘rsatkichlari inobatga olinadi. Taklif etilayotgan o‘zgarishlarda esa hisobga olinadigan davrni kengaytirish nazarda tutilmoqda. Savol beruvchi tomonidan bunda inflyatsiya, ish haqlarining o‘sishi va mutaxassisning ish staji ortishi hisobga olinsa, uzoqroq davrni — xususan, 20 yillik mehnat faoliyatini hisobga olish kelgusida pensiya miqdorining kamayishiga olib kelishi mumkinmi, degan savol o‘rtaga tashlandi.
Shuningdek, «pensiya kamaymaydi» degan umumiy javobdan tashqari, jamoatchilikka aniq statistik ma’lumotlar taqdim etilishi zarurligi ta’kidlandi. Xususan, yangi tartib joriy etilgan taqdirda kelgusida pensiyaga chiqadigan fuqarolarning qancha qismida pensiya miqdori oshishi yoki kamayishi mumkinligi bo‘yicha aniq raqamlar e’lon qilinishi masalasi ko‘tarildi. Mutasaddilar ushbu yo‘nalishdagi taklif va savollar ham o‘rganilayotganini ma’lum qildi.
Matbuot anjumanida ta’kidlanganidek, pensiya tizimini takomillashtirishga qaratilgan loyiha hozircha jamoatchilik muhokamasi bosqichida. Fuqarolar va mutaxassislar tomonidan bildirilayotgan takliflar o‘rganilib, loyiha bo‘yicha keyingi bosqichlarda tegishli o‘zgartirishlar kiritilishi yoki ayrim takliflarni rad etish asoslari ko‘rib chiqiladi.
Mohichehra Eshmirzayeva,
Farhod Abdurasulov (surat)
O‘zA