Pekinda o‘zbek va xitoy mutaxassislari o‘zaro hamkorlik bo‘yicha kelishuvga erishdi
Neft-gaz sanoati O‘zbekistonning iqtisodiyotida strategik ahamiyatga ega bo‘lib, mamlakatning energiya xavfsizligi va investorlar uchun jozibadorlik darajasini belgilaydi.
Bu sohada amalga oshirilayotgan loyihalar nafaqat neft va gaz qazib chiqarishning samaradorligini oshirish, balki zamonaviy texnologiyalarni joriy etish asnosida milliy energetika salohiyatini mustahkamlashga ham xizmat qiladi. Shu bois, xalqaro hamkorlik va yirik texnologik kompaniyalar bilan munosabatlar sohaning rivojlanishi uchun muhim omil sanaladi.
“O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasining Xitoy Xalq Respublikasiga qilgan xizmat safari ham shunday maqsadlarga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Dastlab delegatsiya Pekin shahrida “Jereh Group” kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashdi. Unda neft-gaz sohasidagi amalӣ hamkorlikning joriy holati, mavjud muammolar va istiqboldagi rejalar atroflicha muhokama qilindi.
Muzkaralar chog‘ida “O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisi “Jereh Group”ning ishlab chiqarish salohiyati va neft-gaz uskunalari yo‘nalishidagi tajribasini yuqori baholar ekan, tomonlar o‘zaro mas’uliyat, shartnomaviy majburiyatlarga qat’iy rioya etish va hamkorlikni yanada rivojlantirish muhim ekanini ta’kidladi.
Bugungi kunda “O‘zbekneftgaz” AJ konlari uchun 22 dona quduq usti kompressor stansiyalarini yetkazib berishni nazarda tutuvchi shartnoma doirasida bugungi kunda 14 ta stansiya sanoat ekspluatatsiyasiga topshirilgan. Qolgan 7 tasi bo‘yicha esa hozirda montaj ishlari olib borilmoqda.
Mazkur muloqotda shu haqda so‘z bordi. Unda uskunalardan foydalanish jarayonida zudlik bilan hal etishni talab qiluvchi qator masalalar mavjudligiga e’tibor qaratildi. Shuningdek, tomonlar jamiyatning Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi ehtiyojlari uchun yangi quduq usti kompressor stansiyalari hamda burg‘ilash uchun tamponaj agregatlarini yetkazib berish bo‘yicha ishlab chiqilayotgan shartnomalar yuzasidan ham fikr almashdi.
Abdug‘ani Sanginov qayd etganidek, bu borada eng maqbul narx taklifini taqdim etish hamda ishlab chiqarish va yetkazib berish muddatlarini 6 oydan oshirmaslik keyingi qarorlarni qabul qilishda hal qiluvchi omildir.
Jamiyat axborot xizmatining xabar berishicha, uchrashuv yakunida tomonlar mavjud masalalarni tezkor hal etish va o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish yuzasidan kelishib oldi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA