Pekin shahrida temuriylar davri tarixiga bag‘ishlangan ma’ruza tashkil etildi
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti direktori Azamat Ziyo Pekin shahridagi Minzu universitetida Markaziy Osiyoda temuriylar sulolasi tarixini o‘rganishning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan ma’ruza qildi.
"Markaziy Osiyoda temuriylar sulolasi tarixini o‘rganishning dolzarb masalalari va yo‘nalishlari: O‘zbekiston ilmiy an’analari va manbalari" mavzusidagi ma’ruzada Pekin shahridagi oliy ta’lim muassasalari hamda ilmiy markazlar professor-o‘qituvchilari va talabalari qatnashdi.


Tadbir davomida Amir Temurning o‘zbek xalqi tarixi, milliy davlatchilik taraqqiyoti hamda jahon tarixida tutgan o‘rni va beqiyos xizmatlariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, temuriylar davriga oid tarixiy manbalar, ularning ilmiy qiymati, mazkur davr tarixini o‘rganishdagi ahamiyati va tadqiq etilishining bugungi holati yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.

Ma’ruza yakunida ishtirokchilar bilan ochiq muloqot tashkil etildi. Savol-javoblar davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan javoblar olib, temuriylar davri tarixiga oid mavzularni muhokama qilish imkoniga ega bo‘ldi.
Hamroz Bayonov,
O‘zA