Pekin-2022 da Kamila Valiyevaning mo‘’jizasi
Xabar berganimizdek, Xitoy poytaxtida davom etayotgan qishki Olimpiya o‘yinlarining ikkinchi kuni ortda qoldi.
Bugun 6 fevral kuni XXIV qishki Olimpiya o‘yinlarida 7 ta sport yo‘nalishida medallar jamlanmasi uchun murosasiz bahslar yakuniga yetdi.
Kun davomida 4 ta sport turida o‘yinlarning saralash bahslari tashkil etildi. Ayniqsa, bugungi bahslarda figurali uchishdagi saralash musobaqasida rossiyalik 15 yoshli Kamila Valiyevaning bir qator jahon rekordlarini qayd etgani ahamiyatli bo‘ldi.
Tatariston poytaxti Qozonda tug‘ilib o‘sgan Valiyevaning Pekindagi chiqishlari dunyoning bir qator telekanallari tomonidan to‘g‘ridan to‘g‘ri namoyish etilib, uni Yevropaning “yangi yulduzi”, “yashil qit’adan yetishib chiqqan jahonning birinchi raqamli figurali uchuvchisi”, deya tarif berishdi.

Yana bir jihati, Valiyevaning Pekin muz maydonlaridagi ajib raqsidagi o‘ziga xos ko‘rinishlarida turkiy dunyoga, qolaversa, madaniy merosimizga xos jihatlarning namoyish etilgani yurtimiz yoshlari orasidan ham qishki olimpiya o‘yinlarida mo‘’jiza ko‘rsata oladigan sportchilar yetishib chiqishiga ishonch hissini o‘yg‘otdi.
Ortda qolgan musobaqalar sarhisobiga ko‘ra, Norvegiya vakillari kechagi 2 ta oltin medaliga 1 ta bronza medalini qo‘shgan holda peshqadamlikni davom ettrmoqda. Ulardan keyingi o‘rinni bugun o‘z “sandig‘i”ga yana bitta oltin medalni qo‘shib qo‘ygan Shvetsiya sportchilari ko‘tarilib olishdi.
Pekin-2022ning umumiy sovrinlar jamlanmasida 5 ta (1 ta oltin, 2 tadan kumush va bronza) medallar yig‘indisiga ega bo‘lgan Rossiya olimpiya qo‘mitasi vakillari yetakchilik qilayotgan bo‘lsa, ulardan keyingi pag‘onalarda Norvegiya, Avstriya va Italiya(barchasida 3 tadan) oq olimpiyachilari qayd etilgan.
Ikki kunlik natijalarga ko‘ra, 91 ta mamlakatdan 18 ta davlat olimpiya o‘yinlarining 36 ta medallar jamlanmasiga ega bo‘lib turishibdi. Oldinda esa Pekin-2022ning yana 93 ta oltin-kumush-bronzalari o‘z sohiblarini kutib turibdi.
XXIV qishki Olimpiya o‘yinlarining 7 fevral kungi dasturiga binoan 7 ta yo‘nalishda medallar uchun kurashlar bo‘lib o‘tsa, 3 ta yo‘nalishda, ya’ni kyorling, chang‘i sporti va xokkey bo‘yicha saralash musobaqalari davom etadi.
Eslatib o‘tamiz, Xitoyda davom etayotgan qishki olimpiya o‘yinlarida ishtiroki kutilayotgan hamyurtimiz Komiljon To‘xtayev ayni paytda Yansinda 13 va 16 fevral kunlari o‘tadigan tog‘ chang‘isi musobaqalariga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rmoqda.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA