Pedagogni shogirdlarining yutuqlari ruhlantiradi
Pedagog shu yurtning farzandi sifatida fidokorona mehnatlari bilan Vatanga muhabbati va sadoqatini isbotlab boraveradi. Jumladan, davlatimiz rahbari belgilab bergan Strategiyamizni amalga oshirishda barchamiz bir yoqadan bosh chiqarib faoliyat olib borishimiz, oldimizga qo‘yilgan ustozlik vazifalarini sidqidildan yakdillik bilan bajarishimiz ayni muddaodir.
Shu kabi maqsadlarda izlanishlar olib borib, yurt yoshlariga ta’lim berib kelayotgan Navoiy davlat pedagogika instituti jamoasi ham islohotlarga kamarbasta harakat qilmoqda. Bugungi kunda institutda 11 ta fakultet tarkibida 26 ta kafedra faoliyat ko‘rsatmoqda. Bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari soni 34 taga, magistratura mutaxassisliklari soni 18 taga yetdi. Joriy o‘quv yilida bakalavriat ta’lim yo‘nalishining kunduzgi ta’lim shaklida yangi yo‘nalishlar ochildi.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, 2024/2025-o‘quv yiliga 3 ta talabalar turar joylari to‘liq ta’mirlandi. Ularning qulay yashashlari uchun barcha imkoniyatlar yaratildi, har bir xona, oshxonalar, qo‘shimcha xonalar to‘liq ta’mirlandi.
Shuningdek, talabalar uylarida istiqomat qilayotgan talabalarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan 5 muhim tashabbus to‘garak xonalari, kutubxonalar, fitnes zallari va “workaut” maydonchalari uchun xonalar, sport zallar va maydonchalari tayyorlandi. Bularning barchasi ilm olib, ta’lim berish yo‘lida bel bog‘lagan kelajagimiz yoshlari uchun yuksak e’tibor natijasidir.
Darhaqiqat, talabalarimiz uchun zamonaviy imkoniyatlar yaratish ishlari yil sayin keng tus olmoqda. Zamon to‘xtab turmaydi. Unga hamnafas bo‘lgan insonlargina ilg‘or jamiyat yaratishda ham odimlab boraveradi.
Shu bilan birga, ilmiy tadqiqot va innovatsiyalar bo‘yicha pedagoglar faoliyatini kengaytirish ham davlatimiz tomonidan izchil islohotlar asosida tashkil etib kelinmoqda. Joriy yil 1-yarim yilligida institutimizda 515 nafar professor-o‘qituvchi faoliyat ko‘rsatib kelayotgan bo‘lsa, ularning 196 nafari ilmiy unvon va ilmiy darajali professor-o‘qituvchilar, jumladan 21 nafar fan doktori, professor va 175 nafar fan nomzodi, dotsentlardir.
Professor-o‘qituvchilarning nashr ishlari ham sezilarli darajada oshdi, 2024 o‘quv yilida 37 ta darslik, 67 ta o‘quv qo‘llanma, monografiya kabi 500 dan ortiq ilmiy maqolalar to‘plami respublika va boshqa xalqaro bazalardagi jurnallarda chop etildi.
Xalqaro reytingda institutimizning e’tirof etilishi ham biz pedagoglarga berilayotgan imkoniyatlarning samarasi, kerak bo‘lsa, xalqaro darajadagi e’tiroflarga loyiq ekanini ko‘rsatdi.
Jumladan, 2024 yilning iyun oyida Buyuk Britaniyaning “Times Higher Education (Impact Rankings) THE reyting agentligi – dunyo universitetlarining BMT – “Barqaror rivojlanish maqsadlari”ga muvofiqligini baholovchi global reytingda 17 ta yo‘nalish bo‘yicha Navoiy davlat pedagogika instituti ilk bor TOP – 1000 talik Oliy o‘quv yurtlari qatorida qayd etildi.
Yana bir muhim jihat, bugun yurtimiz pedagoglarini dunyo davlatlari tajribasini o‘rganib, yurtimizda joriy etishlari uchun alohida sharoitlar yaratilmoqda. Bundan foydalangan institutimiz o‘qituvchilarining 44 nafari 2024 yilning shu davrida xorijiy OTMlarda stajirovka o‘tab qaytishdi. Shuningdek, 18 nafar xorijlik mutaxassislar institutda bo‘lib, mahorat darslarini o‘tib berishdi.
Hozirgi kunga qadar Navoiy davlat pedagogika instituti AQSH, Kanada, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Ozarbayjon, Belarus, Hindiston, Malayziya, Rossiya va boshqa davlatlarning 30 dan ortiq oliy o‘quv yurtlari bilan shartnomalar imzolab, ta’lim sohasida hamkorlik davom etmoqda.
Haqiqiy pedagog nimadan ruhlanadi, deyishsa, hech shubhasiz shogirdlarining kamoli va yutuqlaridan, deb aytish mumkin.
Parijda bo‘lgan paralimpiada o‘yinlarida institutimiz bitiruvchisi Elbek Sultonovning chempion bo‘lishi hammamizni quvontirdi. Uning ham jismonan va ma’nan yetuk inson bo‘lishida institutimiz jamoasining hissasi katta.
Bugun institutda ta’lim sifati bosqichma-bosqich oshirib borilmoqda Rejamizga ko‘ra, o‘quv tizimi, talabalarga xizmat ko‘rsatish tizimlari to‘liq “raqamlashtiriladi” va HEMIS tizimi boshqaruviga o‘tkaziladi. Bu esa ta’lim jarayonlariga inson omilining aralashuviga yo‘l qo‘ymaydi. Xalqaro standartlarga moslashtirilib, “kredit-modul” tizimiga to‘liq o‘tkaziladi.
Jahonning rivojlangan TOP-300 talik ro‘yxatida turadigan OTMlarning o‘quv fan va rejalari, dasturlari o‘zlashtiriladi, ta’limning yangicha texnologiyalari tatbiq etiladi. Buning uchun esa pedagoglardan ham zamonaviy yondashuvlarga chin ma’noda kirishish talab etiladi.
Yurt taraqqiyoti uchun ta’limning o‘rni qanchalik yuqori bo‘lsa, bugungi kunlarga kelib pedagoglarga bo‘lgan ehtiromni ham shunchalar yuqori bo‘lib borayotganiga amin bo‘lmoqdamiz. Har yili “O‘qituvchi va murabbiylar kuni”ning ezgu tilak va orzular bilan nishonlanayotgani ham bunga yana bir dalildir.
Kuni kecha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning ta’lim-tarbiya sohasi vakillari bilan muloqoti bo‘lib o‘tdi. Alohida o‘rnak ko‘rsatgan ta’lim sohasi xodimlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Mamlakatimizning barcha ta’lim-tarbiya xodimlarini O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan samimiy muborakbod etib, davlat mukofotlarini o‘z egalariga tantanali ravishda topshirdi.
Prezidentimiz tadbirda “Avvalo o‘qituvchining o‘zi huquqiy, ijtimoiy va moliyaviy tomondan himoya qilingan va yetarli ta’minlangan bo‘lishi kerak“, deya ta’kidladi. Ushbu so‘zlar zamiridan ma’lum buladiki, bugun yurtimizda ta’lim-tarbiya sohasi vakillarining farovon hayoti, mehnatlari qadrlanishi yo‘lidagi maqsadli ishlar davom etmoqda.
Prezidentmizning ta’lim-tarbiya sohasi vakillari bilan muloqotida “O‘qituvchi kasbini jamiyatdagi eng obro‘li ishga aylantirish mening necha yillik orzuim, kerak bo‘lsa, armonim edi“, dedi Prezident. Bu so‘zlarni faqatgina shu sohaning pastu balandini, mashaqqatini anglagan insongina yuragidan o‘tkazib ayta oladi. Biz soha xodimlari mamnun bo‘lishimiz kerakki, bugun jamiyatning eng muhim qatlami – yoshlarning kelajagi bizning zimmamizga ishonib topshirilgan va shunga munosib munosabatlar aynan Prezidentimiz tomonidan ta’minlanmoqda.
Bu yil “Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Konstitutsiyamizda belgilangan qoida endi ana shu qonun asosida ishlay boshlaydi. “Kimki o‘qituvchiga bosim o‘tkazib, uning kasb faoliyatiga daxli bo‘lmagan ishlarga, turli majlislarga jalb etmoqchi bo‘lsa, ana shu qonun asosida javobgarlikka tortiladi“, – deya davlatimiz rahbari muhim hujjatlar bilan soha vakillari himoyasini ta’minladi.
Yurtimizning keyingi taraqqiyoti aynan ta’lim tizimiga, xususan, oliy ta’lim muassasalari yetishtirayotgan kadrlar sifatiga bog‘liq. So‘nggi yillarda bu borada ham keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi va davom etmoqda. Yangidan yangi OTMlar faoliyat boshladi, ta’lim sifati o‘zgardi, bir vaqtlar o‘qituvchining yo‘qotilgan qadr-qimmati va hurmati tiklandi, har jabhada ta’limga va ta’limning yuragi bo‘lganlarga yangi imkoniyatlar va imtiyozlar eshigi ochilmoqda.
Endi bizdan talab qilinadigani faqat zimmangizdagi burchni sharaf bilan o‘tash va “USTOZ” atalmish tabarruk nomga munosib bo‘lishdir.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek: “Eng muhimi, o‘qituvchi chinakam vatanparvar inson bo‘lishi zarur. Qalbida o‘z kasbiga, Vataniga mehr va sadoqat kuchli bo‘lgan o‘qituvchigina haqiqiy vatanparvar shaxsni tarbiyalay oladi”.
Muhiddin Kalonov,
Navoiy davlat pedagogika instituti rektori, iqtisod fanlari doktori, professor