Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova ta’lim tizimidagi ortiqcha yuklamalar va noqonuniy yig‘imlarga barham berish yo‘lida murosa qilinmasligini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, so‘nggi yillarda bu borada murojaatlar sezilarli darajada kamaygan.
— Oxirgi yillarda maktab o‘qituvchilari, maktabgacha ta’lim tizimi xodimlarini o‘z faoliyatidan boshqa ishlarga jalb qilish, ortiqcha va asossiz yig‘di-yig‘dilarga qarshi kurashilyapti, bu masalada murojaatlar soni avvalgilariga nisbatan ancha kamaygan.
Lekin tizimda ba’zan jamoaga noto‘g‘ri talablar qo‘yayotgan, turli maqsadlar uchun mablag‘ yig‘ish topshiriqlarini berayotgan, bir so‘z bilan aytganda hamon eskicha fikrlayotgan mas’ullar ham uchrab turibdi, — deb yozdi vazir o‘zining Telegram kanalida.
Unga ko‘ra, yaqinda Farg‘ona viloyati, Quva tumanidagi maktablardan birida o‘qituvchilarning maoshidan "Tashabbusli byudjet" loyihasida ovoz yig‘ish uchun 700 ming so‘mdan ushlab qolish talabi qo‘yilgani aniqlangan. Ushbu noqonuniy holat sabab maktab direktori bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan.
Hilola Umarova "Tashabbusli byudjet" loyihasi ochiqlik, fuqarolarning byudjet jarayonida ishtirokini oshirishga xizmat qilayotganini qayd etib, bu ijobiy islohotlarga o‘qituvchi, ta’lim xodimlarini majburiy ovoz berishga jalb etish, ular maoshidan pul yig‘ishlar bilan soya solmaslikka chaqirdi.
— Pedagoglarni ularning vazifasiga kirmaydigan ishlarga jalb qilish, turli maqsadlar uchun mablag‘ yig‘ish kabi holatlar bilan hech qachon murosa qilmaymiz. Agar shu kabi holatlarga duch kelsangiz vazirlikka murojaat qiling, biz har bir holatni o‘rganamiz, o‘qituvchi va MTT xodimlari manfaatini himoya qilamiz! — dedi vazir Hilola Umarova.
Umidjon Qurbonov tayyorladi, O‘zA