Pedagoglar malakasini oshirish – dolzarb vazifa
Poytaxtimizda oliy ta’lim muassasalarining rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirishga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Poytaxtimizda oliy ta’lim muassasalarining rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirishga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari B.Usmonov, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti huzuridagi pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tarmoq markazi direktori O.Hasanov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida ta’lim tizimini tubdan isloh etish, o‘qitish sifati va mazmunini yangi pog‘onaga ko‘tarish, malakali kadrlar tayyorlashning zamonaviy mexanizmini yaratish borasida izchil ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
«Ta’lim to‘g‘risida»gi qonun va Kadrlar tayyorlash milliy dasturi malakali kadrlar tayyorlashning yangi, bugungi kun talablariga to‘liq javob beradigan samarali modelini yaratishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu hujjatlar asosida professor-o‘qituvchilarning malakasini oshirishga katta e’tibor qaratilib, oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlari pedagogik jamoasi yuksalishiga xizmat qiluvchi malaka oshirish mexanizmini isloh etishga puxta zamin yaratildi.
Davlatimiz rahbarining 2015-yil 12-iyundagi “Oliy ta’lim muassasalarining rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu boradagi ishlarni yanada takomillashtirishda muhim dasturilamal bo‘layotir.
Mazkur farmonga muvofiq oliy o‘quv yurtlari rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etish bo‘yicha o‘n beshta tayanch oliy o‘quv yurti, to‘rtta mintaqaviy hamda bosh ilmiy-metodik markazlarda attestatsiya komissiyalari tarkibi shakllantirilgan.
Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida dars beradigan 855 professor-o‘qituvchilar tarkibi tuzildi. Tayanch oliy ta’lim muassasalari o‘quv jarayoniga professor-o‘qituvchilar jalb etildi. Ta’lim tizimidagi zamonaviy uslublar, rivojlangan mamlakatlar tajribasini o‘rganish va qo‘llash maqsadida AQSh, Janubiy Koreya va Buyuk Britaniyadan mutaxassislarni o‘quv jarayoniga jalb etish rejalashtirildi.
Oliy o‘quv yurtlari pedagog kadrlarining chet tilini amaliy o‘zlashtirish darajasini oshirish kabi yana bir qator zamonaviy talablar qo‘yilayotgani soha mutaxassislarining bugungi davrga hamnafas bo‘lishlarini taqozo etadi.
Tadbir yakunida ishtirokchilarning savollariga mutaxassislar javob qaytardi.