Pedagoglar malaka test sinovidan oʻtmoqda
Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan Andijon viloyatidagi umumtaʼlim maktablari hamda kasb-hunar taʼlimi pedagoglari uchun oʻquv fanlari boʻyicha malaka (test) sinovlari oʻtkazilmoqda.
Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan Andijon viloyatidagi umumtaʼlim maktablari hamda kasb-hunar taʼlimi pedagoglari uchun oʻquv fanlari boʻyicha malaka (test) sinovlari oʻtkazilmoqda.
Andijon davlat universiteti xorijiy tillar fakulteti sport zalida onlayn tarzda boʻlib oʻtayotgan sinovlarni yuqori saviyada oʻtkazish uchun zarur barcha sharoitlar yaratilgan.
– Viloyatdagi umumiy oʻrta va kasb-hunar taʼlimi muassasalarida faoliyat koʻrsatayotgan malaka toifalariga talabgor 5 ming 156 nafar pedagoglar attestatsiyada ishtirok etish uchun ariza bergan, – deydi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Andijon viloyati hududiy boʻlimi boshligʻi Arofatxon Usmonova. – Malaka (test) sinovlari onlayn tarzda zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalari vositalari bilan taʼminlangan xonalarda tashkil etilmoqda. Besh smenada belgilangan fanlar boʻyicha oʻqituvchilarimizning bilim va mahorati sinovdan oʻtkazilmoqda.

Mamlakatimizda taʼlim muassasalari pedagoglarining malaka toifalari olish uchun sinovlar yildan-yilga takomillashtirilib, soddalashtirib borilmoqda. Avvallari malaka toifasi olish jarayoni bir necha bosqichdan iborat boʻlgan boʻlsa, endilikda bu jarayon bir marta test sinovi topshirish orqali amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, savolnoma ham faqat fanga oid savollardan tuzilmoqda.
Yana bir eʼtiborli jihati shundaki, oʻz kasbini mukammal egallagan tajribali pedagoglar uchun agar xohlasa, besh yilda bir marta majburiy oʻtkaziladigan malaka sinovini kutib oʻtirmasdan navbatdan tashqari sinovlarda ishtirok etib, yana-da yuqori malaka toifasini olish imkoni yaratilgan.
Oʻtkazilayotgan test sinovlarida hozirga qadar Jalaquduq tumanidagi 3-umumtaʼlim maktabi kimyo fani oʻqituvchisi Malohat Otaboyeva, Andijon davlat tibbiyot instituti qoshidagi Akademik litsey biologiya fani oʻqituvchisi Gulruh Abdurasulova yuqori natijani qoʻlga kiritdi. Boshqa pedagoglar ham yuqori ball olish uchun harakat qilmoqda.

– Bugun malaka (test) sinovida qatnashib, savollarga imkon qadar toʻgʻri javob berishga harakat qildim, – deydi Andijon shahridagi 1-umumtaʼlim maktabi ingliz tili fani oʻqituvchisi Goʻzal Abduvaliyeva. – Yakunda 77 ball jamgʻardim. Test savollari yaxshi tayyorlangan. Asosiysi, savollarning faqat oʻz fanimizga oid ekanligidan, qolaversa, natijani sinov yakunlangan zahoti bilib olayotganimiz bizga juda maʼqul boʻlmoqda.
Malaka test sinovlari oʻtkazilayotgan binoga kuzatuv kameralar oʻrnatilgan boʻlib, jarayonni onlayn kuzatib borish imkoni yaratilgan. Bu sinovlarni adolatli va shaffof oʻtishini taʼminlamoqda. Bundan tashqari, sinovlar koronavirus infeksiyasi yuqishi va tarqalishining oldini olish hamda karantin qoidalariga qatʼiy amal qilingan holda tashkil etilmoqda. Har bir smenadan keyin test sinovlari oʻtkazilayotgan xonalar belgilangan tartibda dezinfeksiya qilinmoqda.
Test sinovlarining xavfsiz oʻtishini va ishtirokchilar salomatligini taʼminlash uchun ichki ishlar xodimlari, shifokorlar hamda sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi mutaxassislari jalb etilgan.

Malaka (test) sinovlari davom etmoqda.