Buyuk Britaniyaning London shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Britaniya Kengashi, O‘zbekistonning Londondagi elchixonasi, Vestminster universiteti, London Saut-Benk universiteti, Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti, TEAM universiteti hamkorligida O‘zbekiston – Buyuk Britaniya ta’lim forumi o‘tkazildi.
Mazkur forumda ishtirok etgan Urganch davlat pedagogika instituti rektori Feruza Madrahimova Buyuk Britaniyaning ko‘plab oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik masalalarida muzokaralar olib bordi.
Forumning birinchi kuni Saut-Benk universitetida o‘tkazilgan bo‘lsa, ikkinchi kuni Vestminster universitetida bo‘lib o‘tdi.
"Barqaror hamkorliklarni rivojlantirish: inklyuziv universitetlar va ishlab chiqarish bilan hamkorlik" mavzusida uchinchi marta o‘tkazilgan mazkur forumda O‘zbekiston, Buyuk Britaniya va global miqyosdagi oliy ta’lim tizimi uchun ustuvor yo‘nalishlar, ushbu yo‘nalishlardagi vazifalarga samarali erishish yo‘llari, xususan, transmilliy ta’lim orqali erishish, oliy ta’lim siyosati, amaliyoti hamda oliy ta’limdagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

– Forum doirasida tashkil etilgan netvorking va boshqa bir qator tadbirlar forumning ajralmas qismi bo‘lib, hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlarini muhokama qilish uchun platforma yaratishga xizmat qildi, – deydi UrDPI rektori Feruza Madrahimova. – Biz bu yerda Buyuk Britaniya Transmilliy hamkorlik universiteti direktori Richard Samuyels(Richard Samuels), JONK fikrlash va o‘rganish markazi direktori Marcyelo Staricoff(Marcelo Staricoff), Portsmut universiteti Ijtimoiy-gumanitar fanlar fakulteti dekani Jacquyenline Priyego(Jacquenline Priego)lar bilan o‘quv va ilmiy yo‘nalishlarda hamkorlik masalalarini kelishib oldik.
Forum yakunida Urganch davlat pedogogika universiteti hamda Buyuk Britaniyaning Norvich til o‘qitish instituti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Mazkur memorandum akademik va ilmiy sohalarda hamkorlikni, professor-o‘qituvchilar almashinuvi, ularning stajirovka va malaka oshirishini yo‘lga qo‘yish, ta’lim sohasidagi o‘zaro tajribalarni o‘rganish, ilmiy dastur va loyihalarni tashkillashtirish, talabalar almashinuvini joriy etishni qamrab olgan.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov(surat), O‘zA