O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Pedagogik mahorat markazida "Yangi cho‘qqilar – ta’limda izlanish va ijodkorlik" mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Unda rahbar va pedagog kadrlar malakasini oshirishga ixtisoslashgan institutlar, markazlar, oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, umumta’lim muassasalari rahbarlari va o‘qituvchilari, yosh olimlar, tadqiqotchilar, ta’lim tizimini boshqarish organlari xodimlari, ta’lim sohasida faoliyat yurituvchi xalqaro va xorijiy tashkilotlarning vakillari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Pedagogik mahorat markazi bilan hamkorlikda tashkil etilgan anjumanning asosiy maqsadi zamonaviy texnologiyalarini joriy etish, ilg‘or tajribalarni almashish, XXI asr ta’limidagi yangi yondashuvlarni muhokama qilish, pedagoglarning kasbiy kompetentligini oshirish va ilmiy-metodik tavsiyalarni shakllantirishdir.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Pedagogik mahorat markazi direktorining o‘rinbosari Baymurat Iztileuov, A. Avloniy nomidagi Pedagogik milliy mahorat instituti prorektori Sherzod Rajabov, Nukus shahridagi Prezident maktabining o‘qituvchilari Schelo Velenkocini Zulu va Abdul Basit Abro va boshqalar so‘zga chiqishib, o‘tkazilayotgan tadbirning ahamiyatiga e’tiborni qaratishdi.

Ta’kidlanganidek, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 15 may kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida maktab ta’limi tizimidagi islohotlar samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab berildi. Hozirgi davrda mamlakatimizda ta’lim tizimi tubdan o‘zgarishlar va yangilanishlar bosqichini boshdan kechirmoqda. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan olib borilayotgan islohotlar, xususan, o‘qituvchilar malakasini oshirish, ta’lim sifatini yaxshilash va innovatsion yondashuvlarni tatbiq etish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Zamonaviy ta’limda o‘qituvchi faqat bilim beruvchi emas, balki o‘quvchilarda mustaqil fikrlash, ilmiy izlanish va muammoli vaziyatlarni hal qilish ko‘nikmalarini shakllantiruvchi shaxs bo‘lishi kerak. Shu nuqtai nazardan, izlanuvchanlik o‘qituvchining doimiy o‘sish va rivojlanishiga xizmat qiladigan sifatdir. Ta’limda standart uslub va andozaviy yondashuvlar bugungi kunda yetarli natija bermasligi mumkin. Har bir dars, har bir metodika ijodiy yondashuvni talab qiladi.
Ijodkor va izlanuvchan o‘qituvchi kelajak avlodga puxta bilim beruvchi, kreativ fikrlaydigan, yangilikka intiladigan shaxslarni tarbiyalaydi. Shuning uchun bu anjuman yoshlarni tarbiyalashda ilg‘or yondashuvlarni keng ommalashtirish uchun muhim maydonga aylandi. Mazkur anjuman ta’lim va malaka oshirish tizimi uchun dolzarb, amaliy, ilmiy va strategik ahamiyatga ega bo‘lib, zamonaviy o‘qituvchi va pedagoglarning kasbiy o‘sishini rag‘batlantirish, ta’lim sifatini oshirish va yosh avlodga raqobatbardosh bilim berishda muhim o‘rin tutadi.
Konferensiya pedagogik mahorat – ta’lim sifatini oshirishning muhim omili, aniq va tabiiy fanlar o‘qituvchilarining pedagogik mahoratini rivojlantirish muammolari, XXI asr globallashuv davrida filologik ta’lim, ijtimoiy fanlarni o‘qitishda pedagogik innovatsiyalar va ijodkorlik, boshlang‘ich ta’limda xalqaro tajribalar hamda uzluksiz kasbiy rivojlanish jarayonida pedagogik-psixologik munosabatlar mavzularidagi 6 ta shu’baga bo‘linib, davom ettirildi.
Dovud Abibullev, O‘zA muxbiri