Pedagog kadrlar tayyorlashda xalqaro tajribaning o‘rni yuqori
Mamlakatimizdagi ko‘plab oliy ta’lim muassasalari tadqiqot va xalqaro hamkorlik borasida zamonaviy yondashuvlar asosida yuqori natijalarga erishib kelmoqda. Mazkur jarayon ilmiy salohiyatni oshirish, xalqaro reytinglardagi o‘rinlarni mustahkamlash hamda ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqish imkonini oshirmoqda.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 28-aprelda qabul qilingan “Pedagog kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” farmoni salohiyatli kadrlar tayyorlashda dasturulamal bo‘lib xizmat qilmoqda. Unda ta’lim jarayoniga ilg‘or xorijiy tajribalarni joriy etish, shuningdek, ilmiy-tadqiqot faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilgan.
Ayni maqsadlarda alohida yondashuv zamonaviy yondashuv asosida kadrlar tayyorlab kelayotgan Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti bugungi kunda 20 ta davlatning nufuzli oliy ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan.
Mazkur oliy o‘quv yurti, Buyuk Britaniya, Rossiya, Xitoy, Koreya, Germaniya hamda qo‘shni davlatlar oliy ta’lim tashkilotlari bilan soha yo‘nalishida 100 dan ortiq hamkorlik kelishuvlariga erishdi.

Joriy yilda oliy ta’lim yo‘nalishida dunyoning top 500 talik ro‘yxatidan o‘rin olgan Malayziya, Yaponiya, Chexiya, Shveysariya, Italiya, Fransiya, Germaniya, Gollandiya va Finlyandiya universitetlari bilan ham ana shunday hamkorlik rejalashtirilgan.
O‘tgan yili ilmiy-akademik hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida Italiyaning Trento universiteti Psixologiya va kognitiv fanlar departamenti bilan hamkorlik memorandumi imzolangan edi. Memorandumda talabalar almashinuvi dasturini yo‘lga qo‘yish, psixologiya, pedagogika, inklyuziv ta’lim va innovatsion metodika ta’lim yo‘nalishlarida professor-o‘qituvchilar uchun malaka oshirish kurslarini tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, hujjatda PhD doktorantura uchun qo‘shma ilmiy rahbarlik va himoya dasturlarini ochish, magistratura ta’limida dual modelni yo‘lga qo‘yish, talabalar uchun yozgi maktablar tashkil etish masalalari kelishilgan edi. Yaqinda hamkorlik doirasida Italiyaning Trento universiteti rahbariyati boshchiligidagi delegatsiya ushbu universitetga tashrif buyurdi.
Ikki tomon vakillari Cotutelle dasturlari doirasida Trento universitetida 6 oylik ilmiy dasturlarda tahsil olayotgan PhD talabalar sonini oshirish, bakalavriat va magistratura bosqichlarida akademik mobillikni yo‘lga qo‘yish, kabi ko‘plab loyihalari doirasida kelishib olishdi.
Joriy yilning mart oyida esa Amaliy psixologiya kafedrasi professor-o‘qituvchilari Trento universitetida tashkil etilgan malaka oshirish dasturida ishtirok etib, ushbu nufuzli oliy ta’lim muassasasining PhD bosqichiga muvaffaqiyatli qabul qilindi.
Ma’lumot o‘rnida aytadigan bo‘lsak, Trento universiteti didaktika, tadqiqot va xalqaro hamkorlik borasida yuqori natijalarga ega bo‘lib, Yevropa va butun dunyo bo‘ylab 400 dan ortiq universitetlar bilan mobillik dasturlari, yozgi va qishki maktablar hamda qo‘shma o‘quv loyihalari orqali hamkorlik qiladi.
Yana bir muhim jihat, Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti o‘tgan yili Qozog‘iston, Ozarbayjon va Tojikiston davlatlarining turli oliy o‘quv yurtlari bilan imzolangan memorandumlar doirasida 150 nafarga yaqin talaba akademik mobillik bo‘yicha ta’lim oldi
Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Xitoy, Turkiya davlatlarida tashkil etilgan xalqaro konferensiyalarda ishtirok etdi.
Shu bilan birga, Buyuk Britaniyaning nufuzli ta’lim muassasalari — The University of Cambridge va The University College London bilan memorandum imzolandi va strategik hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilib, 30 nafarga yaqin professor-o‘qituvchilar ularda stajirovka o‘tadi.
Xulosa sifatida aytish mumkinki, turli davlatlar bilan ta’lim sohasida o‘rnatilayotgan bu kabi hamkorliklar talabalar va professor-o‘qituvchilarning ilg‘or salohiyatga ega bo‘lishlarida, innovatsion yondashuvlar asosida tajriba orttirishlarida muhim asos sanaladi. Bu esa globallashayotgan dunyoda raqobatbardosh kadrlar yetishtirishni oshirishga xizmat qiladi.
Mansur Hasanov,
O‘zMPU Axborot va media
xizmati mas’ul xodimi