Payariqda sektorlar bog‘lari tashkil etilmoqda
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ayni paytda davom etayotgan kuzgi daraxt ekish mavsumida Payariq tumanida 556 ming tup daraxt va buta ko‘chati ekilishi ko‘zda tutilgan.
O‘tgan hafta tumandagi barcha mahallalar, korxona va tashkilotlar o‘z hududida ko‘chat ekishga kirishdi. Mahallalarning har biriga 200 tupdan mevali va manzarali daraxt ko‘chati tarqatildi. Klaster va fermer xo‘jaliklariga tegishli yer maydonlari chetlarida 125 ming tup, avtomobil yo‘llari yoqasiga 25 ming tup ko‘chat o‘tqazilmoqda.



– Xalqimizga, tashkilot va muassasalarga o‘zimiz ibrat bo‘lishimiz uchun dastlab to‘rt sektorning bog‘larini yaratishga ahd qildik, – dedi Payariq tumani hokimi Isroil Jabborov. – Go‘zal mahallasida birinchi va ikkinchi sektor uchun, Maniobod mahallasida uchinchi va Qumchuqda to‘rtinchi sektor uchun 50 sotixdan bo‘sh, foydalanilmay turgan yer ajratilib, bog‘lar tashkil qildik. Bu joylar boshqa hududlardan tumanimizga kirib kelish joylari hisoblanadi, Payariqqa kelayotgan kishi avvalo ana shu bog‘larni ko‘radi. Har bir bog‘ uchun mas’ullar belgilanib, ekilgan ko‘chatlarni to‘liq ko‘kartirib olish va parvarishlash choralari ko‘rilmoqda.


Bundan tashqari tumanda har bir tashkilot o‘z hududini ko‘kalamzorlashtirib, bog‘lar yaratmoqda.


G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari