Paxtaning xarid narxi oshdi – bunga fermerlarning munosabati qanday?
– Bugun dalalarimizda hosilning ilk nishonalari ko‘rinmoqda, – deydi Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumanidagi «Yangibog‘» fermer xo‘jaligi rahbari Muxtor Sharipov.
Fermerning aytishicha, u joriy yil 44 gektar maydonga paxta ekkan.
– G‘o‘zalarda 11-12 tadan ko‘sak, ba’zi maydonlarimizda 15-16 tadan hosil shoxlari bor. Ayni jazirama kunlarda hosilga-hosil qo‘shish uchun g‘o‘za ekinlari tunda «sharbat usuli»da sug‘orilmoqda.
Prezidentimiz tomonidan hosildorlikni ta’minlash maqsadida joriy qilingan «Dolzarb-30 kunlik» dasturlari barakali hosilga zamin yaratdi.
O‘tgan 5-6 yilga taqqoslaydigan bo‘lsak, paxtaning xarid narxi 5-6 barobarga oshdi. Men aslida joriy yil paxtadan 38 sentnerdan hosil kutgandim.
Lekin «Dolzarb-30 kunlik» mobaynida qilingan ishlar, zaruriy chora-tadbirlar hamda paxtaning narxi oshishi natijasida 45-48 sentner hosil olish imkoni paydo bo‘lgach, shiddat bilan mehnat qilmoqdaman.
Davlatimiz rahbari tomonidan fermer xo‘jaliklarimiz va mirishkor dehqonlarimizning qilayotgan mehnatlari yuqori baholanib, paxtaning narxi 10 025 so‘mga oshirilgach, dehqonlarimizning yuqori natijalarga erishishiga katta imkoniyat bo‘ldi.
Kelgusida fermer xo‘jaliklarida yetishtirilgan paxta hosilidan olingan daromaddan tomchilatib sug‘orish, yomg‘irlatib sug‘orish kabi zamonaviy texnologiyalar joriy qilinadi. Bu orqali o‘ylaymanki, ishchi xodimlar daromadi ko‘payib, ishsiz aholi bandligi ta’minlanadi, – deydi fermer xo‘jaligi rahbari.
O‘zA