Sokin, tarovatli kuzning yana bir tongi otdi. Nonushta qilayotgan Ra’no opa uch farzandini yetaklab ishga otlanayotgan keliniga qarab beixtiyor xayolga cho‘mdi. Yoshlik davri, kelinligi yodiga tushdi.
– Hozir ayni yig‘im fasli, ayniqsa, paxta terimi avjida, biz bu yoshda bir bolamizni qo‘lda ko‘tarib ikkinchisini yetaklab, erta tongdan dalaga otlanardik, – deydi Ra’no opa. – Ayniqsa, sentyabr, oktyabr oylarida hayot butunlay boshqacha tus olar edi. Qishloqda yosh-qari, o‘quvchi-yu o‘qituvchi, shifokor va hamshira, xullas, hamma paxta bilan band bo‘lardi. Bolaligimni eslasam, ko‘z oldimga paxta keladi: avvaliga g‘o‘zani yagona qilib, begona o‘tdan tozalash, chopiq, keyin terish... qish kelib qolganini sezmasdik. Bugungidek to‘garak, o‘quv kursi qayoqda, deysiz?! Hatto, maktabda darsni to‘liq o‘qish imkoni yo‘q, o‘quv yilining yarimidan ko‘pi dalada o‘tardi.

Hozirgi ayollarga, yosh onalarga havasim keladi. Ular uchun hamma imkoniyat yaratilgan. Birgina misol: ayollar bolasi uch yoshga to‘lgunga qadar ishlamay, farzand tarbiyalashi mumkin. Bola kuchga kirib, o‘zini o‘zi eplaydigan bo‘lganda, xohlasa xususiy, xohlasa davlat bog‘chasiga boradi. Xotin-qizlar oliy ma’lumotli bo‘lishi uchun davlatimiz rahbari tomonidan ko‘plab qulayliklar berilmoqda. O‘qish uchun turli imtiyozli kreditlar ajratilyapti. Qaniydi yoshligim qaytib kelsa-yu, bir umr orzu qilgan kasbim – o‘qituvchilikka o‘qib, sizlarga o‘xshab davlat tashkilotida ishlasam...
Qashqadaryoning olis qishlog‘ida yashaydigan Ra’no opa olti farzandni kamolga yetkazib, oliy ma’lumotli, ishli, uyli-joyli qildi. Kelinlari ham oliy ma’lumotli, jamiyatda o‘z o‘rniga ega ayollar. Qaynona-kelinlar, xuddi, ona-boladek sirdosh. Shu hovlida yashaydigan kenja kelini har kuni erta tongdan ro‘zg‘or ishlariga unnaydi. Yumushini bajarib bo‘lgach, chiroyli kiyinib, uch farzandini mashinasiga o‘tqazadi. Avval bolalarni maktab, bog‘chaga tashlaydi, so‘ng xotirjam maktabga ishga boradi. U – o‘qituvchi.

Qishloqdagi qulayliklar shaharnikidan qolishmaydi. Nabiralar zamonaviy sharoitdagi xususiy maktabgacha ta’lim muassasasiga boradi. Olti yoshli Aziza ingliz, rus tillarida biyron gapiradi.
Onaxonning bugungi dorilomon kunlardan shukronasi, boshidan o‘tgan og‘ir kunlar haqidagi hikoyasini befarq tinglab bo‘lmaydi:
– Bugungi to‘kin-sochin, xotirjam hayotning qadr-qimmatini, ayniqsa, keksa avlod vakillari teran his qiladi. Yurtimizda kuz nafaqat yig‘im-terim, balki to‘y-tantana, marosimlar fasliga ham aylangan. Yil bo‘yi yiqqan-tergan daromadini yaxshi kunga, to‘yga sarflashni niyat qilgan xalqimiz, asosan, kuzda elga dasturxon yozadi. Shukur, har kuni to‘y. Bir zamonlar paxta terimi payti to‘y qilish u yoqda tursin, hatto, ikki qo‘shni ayol ko‘chada ko‘rishib qolsa, bemalol suhbatlashishiga ham ruxsat yo‘q edi. Yosh bolangiz bormi, betobmisiz, farqi yo‘q – terimga chiqishga majbur edingiz. Yodimda, hali uch oylik ham bo‘lmagan chaqalog‘im biroz og‘rib qoldi va paxtaga chiqolmadim. O‘sha kuni rais uyimizga kelib, qaynonamga noma’qul gaplarni aytib ketgan edi. Ertasi kuni bolamni ko‘targancha, dalaga otlanganman. Paxta yetishtirardik, kunimiz dalada o‘tsa-da, tuzukroq mato qidirib topolmasdik. Terim uchun berilgan arzimagan choy-chaqa, g‘o‘zapoya uchun shuncha mashaqqat chekkanmiz...

Mana, hozir ham yurtimizda paxta yig‘im-terimi ayni avjida. Avvalgidek davlat tashkilotlari xodimlari, ayniqsa, o‘qituvchi va shifokorlar terimga olib chiqilayotgani yo‘q. O‘quvchi va talabalarni jalb etish haqida esa umuman gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas. Hamma o‘z ishi, kasbi bilan band. Hosil qishloq xo‘jaligi xodimlari, fermer va klasterlar tomonidan yig‘ishtirib olinyapti. Xullas, hech kim hech nimaga majburlanmaydi. Aslida, qachonki inson o‘z xohishi, istagi bilan biror ishga qo‘l ursagina, o‘sha ishda unum, oilada baraka, xotirjamlik bo‘ladi.
Bugungi kun terimchisi kuzning har bir quyoshli kunidan unumli foydalanish, oila byudjetiga daromad keltirish maqsadida paxta terishga o‘z xohishi bilan boryapti. Dalada hasharchi uchun hamma sharoit yaratilgan: issiq ovqat, tibbiy xizmat va hokazo. Eng muhimi, terimchilarga har besh kunda mehnatiga yarasha haq to‘lanyapti. Ilg‘orlar besh kunda 4-5 million so‘mgacha pul olyapti.
Ayni kunlarga esa osonlik bilan yetib kelganimiz yo‘q. Prezidentimizning doimiy e’tiboridagi masala odamlar og‘irini yengil qilish, mehnatkash va tanti xalqimizni har jihatdan qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ezgu amallar samarasi bu. O‘tgan yillar davomida ezgu maqsad yo‘lida, paxtachilik sohasidagi siyosatni o‘zgartirish bo‘yicha ko‘plab farmon, qarorlar qabul qilindi. Majburiy paxta terimini bekor qilish, ishchi yollashda majburlashni taqiqlash, bunday huquqbuzarliklar uchun qat’iy jazo choralarini nazarda tutuvchi yangi siyosat joriy etish orqali yurtimizda majburiy mehnatga to‘liq barham berildi.
Ana shunday sa’y-harakatlar samarasi o‘laroq, 2020 yil “Cotton Campaign” koalitsiyasi O‘zbekiston paxtasiga boykotni bekor qildi. Mazkur qaror 2021 yil mamlakatimizda paxta yig‘im-terimida bolalar mehnati va majburiy mehnatga umuman yo‘l qo‘yilmagani munosabati bilan qabul qilindi. Mehnat va inson huquqini himoya qiluvchi tashkilotlar, sarmoyadorlar, nufuzli firma va kompaniyalarni jamlagan mazkur xalqaro koalitsiya o‘z qarori bilan o‘zbek paxtasi uchun yopilgan ko‘plab eshiklarni ochdi.
Xalqimiz paxtaning o‘zi yengil, ammo mehnati og‘ir, deb bejiz aytmagan. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi sohasida olib borilayotgan islohotlar natijasida paxtachilikning og‘ir, mashaqqatli yuki farzandlarimiz, xotin-qizlarimiz, millatimizning yelkasidan olib tashlandi.
Go‘zal Sattorova,
O‘zA muxbiri