“Paxtakor”ni Eronda jiddiy o‘yin kutmoqda
Bugun, 30 sentyabr kuni OFK tomonidan klublar o‘rtasida yangi formatda tashkil etilgan Elit Osiyo chempionlar ligasining ikkinchi tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tadi.
Ushbu turda Toshkentning “Paxtakor” klubi Eronning amaldagi chempioni “Persepolis” jamoasiga qarshi safarda o‘yin o‘tkazadi.
Ma’lumot uchun, "Paxtakor" ushbu raqib bilan OCHLda 4 marta maydonga tushib, 2 uchrashuvda g‘alaba qayd etgan bo‘lsa, bir o‘yin durang va mag‘lubiyat bilan yakunlangan. Jamoalarning ilk o‘yini 2003 yilda bo‘lib o‘tgan. O‘sha uchrashuvda Anvar Soliyevning yagona goli “sherlar”ga g‘alaba keltirgan bo‘lsa, 2019 yilgi ikkinchi uchrashuvda Tehrondagi o‘yin 1:1 hisobida yakunlangan. O‘sha yilgi musobaqaning ikkinchi javob o‘yini esa Toshkentda o‘tgan va unda 1:0 hisobida “Paxtakor” g‘alaba qozongan. So‘nggi o‘yin esa 2020 yilda tashkil etilgan. O‘sha uchrashuvda “Persepolis” chorak finalda 2:0 hisobida zafar quchgan.

"Persepolis" va "Paxtakor" jamoalari o‘rtasidagi o‘yin Toshkent vaqti bilan soat 21:00da "Shahri Quds" stadionida boshlanadi.
Shuningdek, bugun ikkinchi turda "Al Sadd" – "Istiqlol", "Al Vasl" – "Al Ahli","Al Nassr" – "Al Rayan" jamoalari o‘zaro raqobatlashsa, ertaga 1 oktyabr kuni "Al Garafa" – "Al Ayn" va "Al Hilol" – "Al Shorta" klublari bahsiga guvoh bo‘lamiz.
Ayni damda musobaqa jadvalida "Istiqlol", "Al Hilol", "Al Ahli" va "Al Vasl" ilk turdagi g‘alaba evaziga 3 ochko bilan yuqori o‘rinlarda borayotgan bo‘lsa, Al Ayn", "Al Shorta", "Al Nassr" hamda "Al Sadd" klublari 1 ochko bilan kuchli sakkiztalikka kirgan. Afsuski, “Persepolis”, “Paxtakor”, "Al Rayan", "Al Garafa" jamoalari birinchi turdagi mag‘lubiyatdan so‘ng qo‘yi pog‘onalarga joylashdi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA