1979 yil 11 avgust. Bu sana mamlakatimiz futbol ishqibozlari qalbida abadiy muhrlanib qolgan. Xuddi shu qaro kunda o‘zbek futbolining orzulari — “Paxtakor” futbol jamoasi a’zolari samolarga sochilib ketgan edi.
O‘sha kuni Toshkent-Minsk yo‘nalishi bo‘yicha uchayotgan Tu-134A samolyoti Chelyabinsk-Kishinyov yo‘nalishi bo‘yicha uchayotgan Tu-134A samolyoti bilan to‘qnashib Dneprodzerjinsk shahri yaqinida halokatga uchradi. Yo‘lovchilar, ekipaj a’zolari hamda oliy liga “Paxtakor” masterlar jamoasining a’zolari halok bo‘ldi.
Idgay Tazetdinov (murabbiy), Vladimir Chumakov (shifokor), Mansur Tolibjonov (ma’mur), Mixail An (yarim himoyachi), Vladimir Fyodorov (hujumchi), Olim Ashirov (himoyachi), Ravil Agishev (himoyachi), Konstantin Bakanov (yarim himoyachi), Yuriy Zagumennix (himoyachi), Aleksandr Korchyonov (yarim himoyachi), Nikolay Kulikov (himoyachi), Vladimir Makarov (yarim himoyachi), Sergey Pokatilov (darvozabon), Viktor Churkin (hujumchi), Sirojiddin Bozorov (hujumchi), Shuhrat Eshbo‘tayev (hujumchi), Vladimir Sobirov (hujumchi). Ularni xotirlaymiz, qadrlaymiz, ularning mahorati bilan g‘ururlanamiz.

O‘tganlarni yod etish, porloq xotirasiga hurmat bajo keltirish azaliy qadriyatlarimizdan biri sanaladi. O‘zbek futboli rivojiga munosib hissa qo‘shgan marhum paxtakorchilar xotirasini abadiylashtirish, ularning insoniy xislatlarini yoshlar qalbiga muhrlash borasida mamlakatimizda e’tiborli ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
O‘zbekistonning qator shahar va mahallalaridagi ko‘chalar marhum futbolchilarimizning nomlari bilan yuritiladi. Har yili ular xotirasiga bag‘ishlangan futbol musobaqalari, turli uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.
“Paxtakor”ning muxlisi edik u damlar. Bugungi avlod futbolchilari mahorat bobida ham, insoniylik borasida ham ulardan o‘rnak olsa arziydi. Aslida, muvaffaqiyat, omad – sodda, beg‘ubor, mehnatkash insonlarga kulib boqishi ham balki shundandir. Ularni muxlislar yaxshi ko‘rardi. Ularni xalq hali-hamon beqiyos ehtirom bilan qalb qo‘rida asrab kelmoqda.
Bugun, 11 avgust osmonlarga sochilib ketgan paxtakorchilarimiz mangu orom topgan poytaxtimizdagi “Botkina” qabristoniga yurtimizning turli go‘shalaridan keluvchilar, ularning ramziy qabrlarini ziyorat qiluvchilar ko‘pchilik.
Samolarga oqqushlar misol uchib ketgan futbolchilarimizning bugun munosib izdoshlari borligidan ko‘ngil biroz taskin topadi. O‘zbek futbolining shonli an’analari davom etmoqda. Yoshlar, o‘smirlar terma jamoalarimizning qit’a va jahon chempionatlaridagi munosib o‘yinlari o‘sha paxtakorchilar sog‘inchini his qilishga umid bermoqda.

Yuraklarni o‘rtaguvchi xotiralar kitobi varaqlanganda 44 yillik armonlar, iztiroblar dillardan tillarga ko‘chishi tayin. Ular o‘zbek futbolining oppoq orzulari edi. Bugun xorij futbol maydonlarida O‘zbekiston futbolining yuzi, so‘zi, shijoati bo‘lib bo‘y ko‘rsatayotganlar ertaga albatta, dunyo futbolining haqiqiy ustalari bo‘lib yetishishiga ishongimiz kelaveradi.
“Paxtakor-79”ning izdoshlari bo‘lgan bugungi futbolchilarimiz davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “dunyo kezadi, chet el jamoalarida o‘ynaydi. Ular O‘zbekiston tarixini yaxshi bilishi kerak. Ular bizning elchilarimiz”. Darhaqiqat shunday. Bugun sportchilar, futbolchilarimizga yaratilgan sharoitlar tufayli ularga keng imkoniyatlar eshigi ochib berildi. Yetakchi sport va futbol klublarida o‘z o‘rinlarini topishida amaliy ko‘mak ko‘rsatilmoqda.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA