Paxtakordagi muammolar qachon o‘z yechimini topadi?
Jizzax viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Ulug‘bek Mustafoyev Paxtakor tumanidagi aholi yashaydigan ko‘pqavatli uylar va tuman markazidagi mahallalarni ko‘zdan kechirdi.
Dastlab “Samarqand” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi ko‘p qavatli uylar va ularda yashayotgan fuqarolarning sharoiti, kayfiyati bilan qiziqildi.
Ushbu mahallaning shundoqqina yonginasidan katta kanal o‘tgan, ammo shunga qaramay, uylar oldida xunuk manzara– hamma narsa qurib yotibdi. Achinarlisi, aholi uylari oldi abgor holatda.
Bu borada mas’ullar bilan uchrashuvda viloyat rahbari Ulug‘bek Mustafoyev qisqa fursatlarda muammolarni hal etish va hududda bog‘ yaratib, yerlardan unumli foydalanish bo‘yicha mutasaddilar zimmasiga aniq topshiriq va vazifalar yukladi.

Keyingi o‘rganish manzili tuman “Istirohat bog‘i” bo‘lib, tuman markazida joylashgan ushbu bog‘ning bugungi ko‘rinishi ham achinarli holatga kelib qolgan.Yo‘laklar yo‘qligi, yoritish vositalarining to‘lig‘icha ishlamasligi, chiqindilarga to‘la ariqlar, hududda aholi dam olishi uchun sharoitning yo‘qligi viloyat rahbari tomonidan jiddiy tanqid ostiga olindi.
“Istirohat bog‘i” yonida joylashgan “Do‘stlik” MFYga borgan viloyat rahbari bu yerdagi aholini qiynab kelayotgan muammolarni birin-ketin sanab o‘tar ekan, sektorlar rahbarlari hamda mas’ullar o‘z ishiga loqayd bo‘lganligini ta’kidladi.
Tuman aholisini qiynayotgan muammolardan biri chiqindi suvlarining chiqib yotishi hamda undan tarqalayotgan badbuy hid va bu tizimning ishlamasligidir. Viloyat hokimi aholini qiynayotgan bu muammolarni bartaraf etishning asosiy yechimi – “G‘alaba” MFY hududida barpo qilinishi rejalashtirilgan suv tozalash inshooti qurilishida ishni to‘g‘ri tashkil etish ekanini ta’kidlab, bu boradagi kamchiliklarni qayd etib, ishlarni jonlantirish borasida o‘z taklif va tavsiyalarini berdi.

Shuningdek, tuman markazidagi “Toshkent”, “G‘alaba” va “Do‘stlik” MFYlardagi barak tipida qurilgan uylar buzilgan, lekin ayni paytda ular o‘z holiga tashlab quyilgan. Buning natijasida vujudga kelgan muammolar talaygina. Ushbu buzilgan uylar o‘rniga zamonaviy 5-7 ko‘pqavatli uylarni qurish, infratuzilmani yaxshilash, maktab, bog‘cha, tibbiyot muassasalarini qurishga xususiy sektorni jalb etish bo‘yicha ishlarni tashkillashtirish yuzasidan mutasaddilarga aniq topshiriqlar berildi.
O‘rganishlar davomida markaziy ko‘chalarni obodonlashtirish, yoritish tizimlarida zamonaviy tejamkor texnologiyalar joriy etish, piyodalar o‘tish joylarida xavfsizlikni kuchaytirish, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish markazlarini tartibga keltirib, turli xil ko‘rinishdagi tashqi reklamalarni to‘g‘rilash, transport xizmatiga e’tibor qaratish bo‘yicha ham muammolar anchagina ekanligi qayd etildi.Tuman hokimi va soha mutasaddilari zimmasiga bu muammolarni bartaraf etish yuzasidan aniq vazifalar yuklandi.
Paxtakor tumani hokimi Asilbek Ashurov o‘rganishlar jarayonida viloyat rahbari tomonidan tanqid ostiga olingan muammo va kamchiliklar tez orada bartaraf etilishiga va’da berdi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),
O‘zA muxbirlari