“Paxtakor” ikkinchi marotaba Superkubok sohibi!
Superkubok o‘yiniga tayyorgarlik jiddiy bo‘ldi – sovrinni o‘zi bilan birga olib qaytish maqsadidagi “Paxtkor” va “Nasaf” tomonidan ham, tadbirni yuqori saviyada tashkil etishni maqsad qilgan O‘zPFL tomonidan ham, mezbonlikni maromiga qo‘yishni uddalashga uringan “Turon” klubi tomonidan ham va hattoki Toshkent, Qarshiyu farg‘onalik muxlislar tomonidan ham.
Bahsdan bir kun oldin vodiy tomon yo‘lga chiqqan Superkubok kotreji Qo‘qon va Yaypan shaharlari bo‘ylab “sayr qildi”, o‘yin kunida Superkubok Qo‘qon va Yaypan shaharlarida namoyish etildi, kattayu-kichikning “selfi” manbasiga aylandi. Shu kuni stadionga tashrif buyurgan tomoshabinlar chiroyli futbol bilan birga el suygan san’atkorlar – Farhod va Shirinning dilrabo kuy-qo‘shiqlaridan ham bahramand bo‘lishdi.
Uchrashuv kutilganidek shiddatli va tomoshabop ruhda o‘tdi. Maydonda teng kuchli jamoalar kurashgani uchun, xavfli vaziyatlarga boy o‘tgani uchun ham yig‘ilganlar zerikib qolishmadi. Omad esa “Paxtakor” jamoasiga kulib boqdi. Aziz Turg‘unboyevning qanotdan oshirib bergan to‘pini Cheran boshi bilan urib, darvozaga aniq yo‘lladi.
Shu tariqa “Paxtakor” o‘z tarixida ikkinchi marotaba Superkubokni qo‘lga kiritdi. O‘tgan yili Samarqandda kechgan bahsda ham aynan shu jamoalar o‘zaro bellashgan va o‘shanda ham aynan shu natija qayd etilgandi.

O‘zbekiston Superkubogi.
27 fevral, yakshanba
PAXTAKOR – NASAF - 1:0 (0:0).
Farg‘ona. Yaypan. "O‘zbekiston" stadioni. 7200 tomoshabin
Hakamlar: Akobirxo‘ja Shukurullayev, Alisher Usmonov, Baxtiyorxo‘ja Shavkatov, G‘ayrat Jo‘rayev
Nazoratchi: Baxtiyor Namozov
VAR hakami: Ahrol Risqullayev
VAR assistenti: Rustam Lutfullin
Komissar: Jahongir Rahmatullayev
Gol: Dragan Cheran, 61(1:0)
"Paxtakor": Eldorbek Suyunov (Sanjar Quvvatov, 45+1), Hojiakbar Alijonov, Oleksey Larin, Ikromjon Aliboyev, Odiljon Hamrobekov, Azizbek Turg‘unboyev ( Jasurbek Yoqubov, 90+3), Dragan Cheran, Sardor Rashidov (Xojimat Erkinov, 81), Kamen Xajiyev, Sardor Sobirxo‘jayev (Oliver Sharkich, 81), Farruh Sayfiyev
"Nasaf": Umidjon Ergashev, G‘olib G‘aybullayev, Sharof Muhidinov, Dilshod Saitov, Ivan Solovyov (Aziz Xolmurodov, 80), Husayn Norchayev, Suhrob Nurulloyev (Husniddin Aliqulov, 86), Akmal Mozgovoy, Sherzod Nasrullayev, Marko Stanoyevich (Bahrom Abdurahimov, 80), Umarbek Eshmurodov
Ogohlantirishlar: Farruh Sayfiyev (13), Azizbek Turg‘unboyev (49), Ikromjon Aliboyev (53), Sanjar Quvvatov (75), Dragan Cheran (83), Odiljon Hamrobekov (87) – Marko Stanoyevich (20), Aziz Xolmurodov (90+4).
Oybek YUNUSOV, O‘zA