Surxondaryo – yer bilan tillashib, mehnat qilishning hadisini olgan dehqonlar yurti. Turli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishda o‘rgansa arziydigan tajribaga ega voha. Viloyat paxtakorlari ham janubning tandir taftidek yoz chillasida omilkorlik bilan mehnat qilib, mo‘l hosil to‘plashga odatlangan.
Bu gurungga ko‘p yillar bo‘ldi. Yoz fasli. Denovlik mashhur fermer, “O‘zbekiston qahramoni” Ahmad Narzullayev bilan paxta dalasida uchrashib qoldik. U paytlar g‘o‘za parvarishiga o‘qituvchi va o‘quvchilar, shaharlik talabalar ham jalb etilar, qatqaloqni yumshatish, agatlarni begona o‘t-o‘lanlardan tozalash, g‘o‘zani chilpish kabi yumushlardan tortib, hosilni terib-yig‘ib olgungacha paxtakorlarga ko‘maklashar edi. O‘sha kunlari fermerning dalasida g‘o‘zani chilpish - paxtakorlar tili bilan aytganda chekanka boshlangan ekan. Go‘yoki bepoyondek tuyuladigan dalada bir guruh xotin-qiz g‘o‘za chilpimoqda. Quyoshning jazirama taftidan asrash uchun boshi va yuzini ro‘mol bilan o‘rab olgan. Ahmad aka bilan dala boshida hol-ahvol so‘rashib, birpas suhbatlashdik. Gap orasida hasharchi kelmadimi, degan savolni tashladik.

– Siz aytayotgan hasharchilar g‘o‘zani chilpiyman, deb misqollab yig‘ayotgan hosilni nobud qiladi, – dedi fermer. – Hamma ham dehqon bo‘lishi mumkin. Lekin, paxta yetishtirishning ilmini o‘rganish andak og‘ir masala. Shu bois ko‘pchilik paxtakor bo‘lolmaydi. To‘g‘ri, paxtakor xalqmiz. Biroq, o‘qituvchi, shifokor, talaba yoki o‘quvchi bu ekinning ilmini qayerdan biladi?...
Tajribali fermer haq gapni aytdi. G‘o‘za-o‘ta nozik o‘simlik. Bahorda unib chiqqach, agatlar qatqaloq bo‘lib qolsa, uni yumshataman, deb ildizini ochib tashlasa ham, begona o‘tdan tozalayman, deb niholga shikast yetkazsa ham nobud bo‘lishi mumkin. Chekanka qilyapman, deya shoxlarni ortiqcha uzib tashlasa cho‘tdagi hosil boy berilishi hech gap emas...
Mundoq eslasam, o‘shanda ham paxtakorlar uchun bahor seryog‘in, yoz issiq kelgan, tag‘inam g‘o‘za rivoji biroz kechikkan, turli zararli hasharotlar urchigan yil ekan. Ahmad Narzullayev shu gaplarni aytgan yil bilan joriy mavsumning o‘rtasida katta farqni kuzatish mumkin. Dalalarda chillaning taftidan yuzini yashirgan hasharchi yo‘q. O‘qituvchi, talaba, o‘quvchi va boshqa paxtaga aloqasi bo‘lmagan kishilar o‘z ishi bilan shug‘ullanmoqda. Paxtakorlar g‘o‘za parvarishi bilan band. G‘o‘zani undoq parvarishlang, chilla suvini falon vaqtda bering, chekankani bugunoq yakunlang singari topshiriqlar ham yo‘q. Gapning indallasini aytganda, paxtakorning ko‘kragiga erkinlik shamoli tegdi. Milliy boyligimizni hasharchilarsiz ham parvarish qilish, mo‘l hosil to‘plab, uni kuzning yog‘in-sochinli kunlariga qoldirmay tez, sifatli yig‘ib olish mumkinligi amalda isbotlandi.

Surxondaryoda paxta iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlaridan biri. Shuning uchun ham paxtakorlar bu soha ilmini yaxshi o‘zlashtirgan. G‘o‘zaga mehr berib parvarish qilgan. Mo‘l hosil yetishtirsa, shunga yarasha daromad olgan. Keyingi yillarda uning milliy iqtisodiyotimizdagi o‘rni yanada oshmoqda. Prezidentimizning g‘oyasi bilan hududlarda tashkil etilgan paxta-to‘qimachilik klasterlari hosilni yetishtirishdan tortib, uni sifatli yig‘ib olish va qayta ishlashga intilishni kuchaytirdi. Xom ashyoni tola sifatida emas, uni qayta ishlab, tayyor mahsulot sifatida sotish va ko‘proq daromad topishga qiziqishini oshirdi. Joylarda resurslarni tejaydigan texnologiyalar va uskunalar joriy etilib, qishloqlarda yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulot ishlab chiqaradigan yangi sanoat korxonalari bo‘y ko‘rsata boshladi.
Davlatimiz rahbarining 2020 yil 6 martdagi “Paxta sanoatida bozor tamoyillarini keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq 2020 yil hosilidan boshlab, paxta xomashyosi ishlab chiqaruvchilariga paxta narxini belgilash amaliyoti bekor qilindi. Endilikda paxta yetishtirish bilan paxtakor elning chinakam dehqonlari shug‘ullanmoqda. Shu tobda viloyatning paxta dalalarida bo‘lsangiz yangicha muhit va halol, zahmatli mehnatdan rohat olayotgan ruhiyatni his etasiz. Dehqonlarning hayotidan rozi bo‘lib yashayotganiga duch kelasiz.
Joriy yilda viloyatdagi 13 ta paxtachilik-to‘qimachilik klasteri 72 ming 270 gektar maydonda g‘o‘za parvarishlamoqda. Mavjud maydonlarning 10 ming 95 gektariga chigit 60 santimetr, 2 ming 530 gektariga 76 santimetr, 55 ming 539 gektariga 90 santimetr, 4 ming 107 gektariga qo‘sh-qator sxema asosida ekilgan. Shu kunlarda g‘o‘za maydonlarining 39 ming 842 gektari gullash, 32 ming 428 gektari 1-2- ko‘saklash fazasida rivojlanmoqda. Voha paxtakorlari bu yil o‘rta tolali g‘o‘za navlari bilan birga 3 ming 333 gektarda xorij chigitini ekib, sinovdan o‘tkazmoqda.
O‘tgan asrda Surxon zamini oltinga teng tuprog‘i, o‘ziga xos iqlimi va dehqonlarining mehnati bilan ingichka tolali paxta yetishtirishda ham shuhrat qozongan edi. Bizning asrimizda esa ingichka tolali paxta maydonlari bosqichma-bosqich qisqarib, bundan yetti-sakkiz yil avval uni parvarishlashdan butunlay voz kechildi. Prezidentimizning 2022 yil 18 martdagi “Surxondaryo viloyatida ingichka tolali paxta yetishtirishni ilmiy asosda amalga oshirish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan g‘o‘zaning bu navini parvarishlash qayta tiklandi. Ingichka tolali paxtachilik ilmiy tadqiqot instituti tashkil etildi. Mazkur hujjat asosida faqat ingichka tolali paxta yetishtirishni yo‘lga qo‘yish emas, balki sanoatbop yangi navlarini yaratish vazifalari belgilab berildi. Olimlar va paxtakorlar o‘rtasida hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi.

Viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi mutasaddilarining aytishicha, joriy yilda viloyatda 12 ming 37 gektarda mahalliy iqlimga mos, serhosil, tezpishar, kasallik va zararkunandalarga bardoshli ingichka tolali paxta yetishtirilmoqda.
– Bu yilgi bahor nisbatan salqin va seryog‘in keldi, – deydi ingichka tolali paxtachilik ilmiy-tadqiqot instituti direktori Olim Alimardonov. – Shu sababli sog‘lom va baquvvat ko‘chat undirib olish, yosh nihollarning rivojlanishi ancha murakkab kechdi. G‘o‘zaning rivoji o‘tgan yillarga nisbatan 12-16 kunga kechikdi. Ana shunday sharoitda ham paxtakorlarimiz unumli mehnat qilib, ingichka tolali paxta ko‘chatlarini bir tekis undirib oldi. Mavsumda ingichka tolali paxta yetishtirilayotgan maydonlarda bo‘lib, g‘o‘zaning rivojlanishini kuzatyapmiz. Ekinning rivoji va holatidan kelib chiqib, o‘z maslahatlarimizni beryapmiz. Masalan, Bandixon tumanidagi “Surxon grant frud” fermer xo‘jaligining 80 gektar maydonida parvarishlanayotgan “SP-1607” ingichka tolali paxta nihollarini azotli, kaliyli o‘g‘itlar bilan oziqlantirishni, egat oralatib yengil sug‘orish va hasharotlarga qarshi kurashishni tavsiya etgan edik. Bu safar borganimizda g‘o‘zalarda yaxshi o‘zgarish bo‘lganiga duch keldik. Shuningdek, monitoringlarimizda Angor, Sherobod, Muzrabot, Jarqo‘rg‘on, Denov kabi tumanlarda bergan tavsiyalarimiz ham g‘o‘zalar rivojida o‘z samarasini bergani aniqlandi.
Viloyatda suvni tejab sarflash va suv taqchilligining oldini olish ham paxtakorlarning muhim vazifalaridan biriga aylandi. Dalalarda tomchilatib va diskret sug‘orish tizimlarini joriy etishga e’tibor kuchaydi.
Sohada klaster tizimining yo‘lga qo‘yilgani qator oralariga ishlov berish, o‘z vaqtida chopiq qilish, mineral va mahalliy o‘g‘itlar bilan oziqlantirish, g‘o‘zani chilpish kabi yumushlarni tajribali dehqonlar maslahati asosida amalga oshirishga, xorij tajribalaridan foydalanishga alohida ahamiyat berilmoqda.
Jarqo‘rg‘on tumanidagi “Jarqo‘rg‘on” fermer xo‘jaligi rahbari Chori Cho‘tpo‘latovni paxtakorlar yaxshi taniydi. Tajribali fermer 30 yildan buyon paxta parvarishlab, shartnomaviy rejani ortig‘i bilan bajaradi. Bu yil 37 gektar maydonda “Buxoro Elita” navli paxta yetishtirayotgan fermer gektarlar hosildorligini 50 sentnerga yetkazishni mo‘ljallamoqda. Hozir har tup g‘o‘zada yetti-sakkiztadan ko‘sak bor.
– Paxtachilik uchun joriy yil injiq keldi, – deydi fermer. – Bahor seryog‘in bo‘ldi. Yoz ham issiq kelmoqda. Bunday sharoitda g‘o‘za zararkunandalariga qarshi o‘z vaqtida ishlov berish, sifatli chopiq qilish, chilpish, mahalliy va mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirish, sharbat usulida tunda sug‘orish yutuqlar omili bo‘ladi. Nihollarni chilladan betalafot olib chiqish va mo‘ljaldagi hosilni olish uchun endi kechani kecha, kunduzni issiq, demay mehnat qiladigan vaqt keldi. Dehqonlarimiz barcha yumushlarni sinalgan agrotexnik tadbirlar asosida olib borib, salmoqli hosil to‘playotir.
Janubda yoz chillasi boshlandi. Aslida paxta hosilini jazirama saraton belgilaydi. Buni tajribada sinovdan o‘tkazgan janublik dehqonlar g‘o‘zani mavjud agrotexnik tadbirlar asosida mehr bilan parvarishlab, mo‘l va sifatli hosil to‘plashga bel bog‘lagan.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri