Paxtachi tumanining suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan "Qirguli" MFY hududidagi 28,6 gektar yer maydonida pista va bodomzor plantatsiyasi tashkil etiladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Samarqand viloyati hududlarini kompleks rivojlantirish va aholi turmush darajasini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 2026-2027-yillar davomida Kattaqo‘rg‘on, Narpay va Paxtachi tumanlarida aholi tomorqasi va ijara yer maydonlaridan samarali foydalanish uchun dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan mavjud moliyaviy instrumentlar doirasida har bir tuman uchun 10 milliard so‘m miqdorida mablag‘ ajratiladi.
Ushbu mablag‘lar hisobidan samarasiz eski bog‘larni rekonstruksiya qilish, yangilarini barpo etish hamda suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan hududlarda tomorqa va ijara yer maydonlarini sug‘orish uchun tik quduqlarni burg‘ilash va quyosh panellarini o‘rnatish hamda boshqa loyihalar moliyalashtiriladi.
Paxtachi tumanining suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan "Qirguli" MFY hududidagi 28,6 gektar yer maydonida tomchilatib sug‘orish tizimi asosida pista va bodomzor plantatsiyasi tashkil etiladi. Bu ishga mahalliy aholi jalb etiladi.
2026-2028-yillarda:
a) 300 gektar yer maydonida "in-vitro" ko‘chatlaridan uzumzor, 800 gektar yer maydonida intensiv tokzor tashkil etiladi va 3,5 ming gektar yer maydonida, shu jumladan, Qo‘shrabot tumanining 5 ta mahallasida aholi uchun qulay va yengil shartlar asosida uzumzorni tirgakka (shpalerga) ko‘tarish orqali hosildorlik 2 barobarga oshiriladi;
b) Kambag‘allikni qiqsqartirish va bandlik vazirligi bilan birgalikda Qo‘shrabot tumanining 18 ta mahallasidagi 1,2 mingta xonadonni uzumchilikka o‘rgatish va ularning 500 gektar yer maydonlarida, shu jumladan, tomorqalarida uzum yetishtirish uchun ko‘chatlar yetkazib beriladi;
v) viloyatdagi mayiz eksporti 15 million AQSH dollariga yetkaziladi.
O‘rmon va yashil hududlarni kupaytirish, cho‘llanishga qarshi kurashish agentligi Samarqand viloyati hokimligi bilan birgalikda 2026-2027-yillar davomida Qo‘shrabot tumanining "Oqchopsoy" MFY hududidagi o‘rmon fondi tarkibidagi 700 gektar yer maydonida "Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida ajratilgan hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobidan tomchilatib sug‘orish tizimini joriy qilgan holda pistazor va bodomzorlar tashkil etiladi.
2026-2027-yillarda Qo‘shrabot tumanining og‘ir toifadagi "Jombuloq", "Qo‘rg‘an", "Qo‘shrabot", "Kuvkalla", "Chorloq", "Bozorjoy" va "Qoratosh" MFYlarining infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-fevraldagi PQ-49-son qaroriga asosan har bir og‘ir toifadagi mahallaning "islohot dasturi"ni moliyalashtirish uchun ajratiladigan mablag‘lar hisobidan quyidagi tadbirlar amalga oshiriladi:
a) 22,3 km yo‘llar quriladi, elektr ta’minotini yaxshilash uchun 32 ta transformator, 108,3 km tarmoq tortiladi va 2 963 ta tayanch ustunlar o‘rnatiladi hamda 1 dona sug‘orish tizimiga tik quduq qaziladi;
b) 87 ta tadbirkorlik loyihalarini amalga oshirish orqali 585 nafar aholi ish bilan ta’minlanadi va daromadlari oshiriladi.
Tajriba tariqasida Bulung‘ur, Narpay, Payariq, Pastdarg‘om, Toyloq, Urgut va Qo‘shrabot tumanlarining 100 ta xonadonida kooperatsiya shartnomasi asosida yengil konstruksiyali binolarda parranda boqishni tashkil etish uchun Yangi ish o‘rinlarini tashkil etishni rag‘batlantirish hududiy jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan 3 yil muddatga Samarqand viloyati hokimligi tomonidan tavsiya qilingan yetakchi tadbirkorlarga bosqichma-bosqich 30 milliard so‘mgacha foizsiz ssuda ajratiladi.
Samarqand viloyati hokimligi kontraktatsiya shartnomalari asosida aholi xonadonlarida binolarni jihozlash hamda tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan naslli jo‘jalarni yetkazib berish va jo‘jalar yetilgandan so‘ng ularni sotib olishni tashkil etishga mas’ul hisoblanadi.
O‘zA