Paxta yig‘im-terimida bolalar va majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilmasligi bo‘yicha Milliy monitoring boshlanadi
Poytaxtimizda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan “2026-yilgi paxta yig‘im-terimi mavsumida terimchilar uchun shart-sharoitlar yaratilishi, bolalar mehnati va majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan Milliy monitoring tashkil etish borasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida” mavzusida brifing o‘tkazildi.
Brifingda markaziy studiyadan ommaviy axborot vositalari vakillari, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi rahbariyati va mas’ul xodimlari, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, O‘zbekiston Nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi vakillari ishtirok etdi.
Shuningdek, onlayn tarzda hududiy studiyalardan kasaba uyushmalari mas’ul xodimlari, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmalari hamda tegishli tashkilotlar vakillari qatnashdi.
Brifingda ta’kidlanganidek, so‘nggi o‘n yilda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimizda keng qamrovli islohotlar amalga oshirildi. Barcha soha va yo‘nalishlarda, ayniqsa, ijtimoiy mehnat sohasida inson qadrini ulug‘lash, mehnatkashlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda.
Ijtimoiy mehnat munosabatlari sohasidagi qonunchilik hujjatlari xalqimizning, mehnatkashlarning hamda xalqaro ekspertlarning taklif va xulosalari asosida takomillashtirib borilmoqda.
Qonunchilikdagi o‘zgarishlarning e’tiborli jihatlaridan biri — majburiy mehnatga jalb etganlik uchun javobgarlikning yanada kuchaytirilganidir. Majburiy mehnat yoki bolalar mehnatiga jalb etish holati uchun ma’muriy javobgarlik belgilangan. Holatdan kelib chiqib, bunday qilmishlar uchun jinoiy javobgarlik ham nazarda tutilgan.
Milliy qonunchilik hujjatlarini xalqaro standartlarga moslashtirish bo‘yicha ham sezilarli ishlar amalga oshirildi. Bu borada Xalqaro mehnat tashkiloti va xalqaro kasaba uyushmalari konfederatsiyasi bilan hamkorlikni alohida ta’kidlash zarur.[photobank-31502]
O‘zbekiston mehnat sohasida xalqaro standartlarni keng joriy etish borasidagi ishlarni izchil davom ettirmoqda. Bugungi kunda O‘zbekiston tomonidan Xalqaro mehnat tashkilotining 25 ta konvensiyasi ratifikatsiya qilingan. E’tiborli jihati shundaki, mamlakat mustaqilligining dastlabki 25 yilida 13 ta konvensiya ratifikatsiya qilingan bo‘lsa, so‘nggi 10 yilning o‘zida 12 ta konvensiya va 1 ta protokol ratifikatsiya qilindi. Hozirda ham bir qator konvensiyalarni ratifikatsiya qilish masalalari o‘rganilmoqda.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan ham yuqorida qayd etilgan yo‘nalishlarda bir necha yillardan buyon fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikda paxta yig‘im-terimi mavsumida terimchilar uchun munosib sharoitlar yaratilishi, mavsum davomida bolalar mehnati va majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilmasligi yuzasidan Milliy monitoring o‘tkazib kelinmoqda.
O‘tgan yilda ham paxta yig‘im-terimi mavsumida majburiy mehnatning oldini olish bo‘yicha monitoring ishlari, shuningdek, korxona, tashkilot va muassasalarda mehnat qonunchiligiga amal qilinishi holatlari yuzasidan o‘rganishlar olib borildi.
Xususan, 2025-yilda o‘tkazilgan Milliy monitoring davomida paxta yig‘im-terimida bolalar mehnati va majburiy mehnatga jalb etish holatlari uchramagan. Biroq terim pullarining o‘z vaqtida berilmasligi yuzasidan 8 752 nafar terimchining manfaatlariga daxldor 166 ta holat, 9 075 nafar terimchi bilan mehnat shartnomasi tuzilmaganligi yuzasidan 227 ta holat aniqlangan. Shuningdek, 24 ta fermer xo‘jaligi va ishlab chiqarish klasteri tomonidan 1 222 nafar terimchi uchun yetarli mehnat va dam olish sharoitlari yaratilmagani ma’lum bo‘lgan.
2026-yilgi paxta yig‘im-terimi mavsumida terimchilar uchun sharoitlar yaratilishi, mavsum davomida bolalar mehnati va majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilmasligi yuzasidan Milliy monitoring Savdo-sanoat palatasi va O‘zbekiston Nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasiga a’zo bo‘lgan fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirokida o‘tkaziladi.
Milliy monitoring 25-sentabrdan 31-oktabrga qadar davom etadi.
[gallery-31502]
Monitoringni o‘tkazishdan asosiy maqsad — paxta yig‘im-terimi ishlarida voyaga yetmaganlar, o‘quvchi va talabalar, byudjet va nobyudjet tashkilotlari xodimlarining majburiy mehnatidan foydalanishga yo‘l qo‘yilmasligi yuzasidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishdir.
Shuningdek, paxta yig‘im-terimi mavsumida terimchilar uchun yetarli yashash, dam olish va mehnat sharoitlari yaratilganini baholash, qo‘lda terilgan har bir kilogramm paxta xom ashyosi uchun adolatli mehnat haqi to‘lanishini nazorat qilish, paxta-to‘qimachilik klasterlari, fermer xo‘jaliklari va fuqarolar o‘rtasida mavsumiy ishlarni bajarish to‘g‘risida mehnat shartnomalari tuzilganini o‘rganish ham monitoringning asosiy vazifalaridan hisoblanadi.
Aniqlangan kamchiliklarni joyida bartaraf etish choralarini ko‘rish, shuningdek, monitoring natijalari yuzasidan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi va Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha Milliy komissiyaga axborot berib borish ham nazarda tutilgan.
Shu bilan birga, Ijtimoiy mehnat masalalari bo‘yicha Respublika uch tomonlama komissiyasi tomonidan tayyorlangan “2026-yil paxta hosilini nes-nobud qilmasdan, uyushqoqlik bilan yig‘ib-terib olishga ko‘maklashishni tashkil etish bo‘yicha tavsiyalar”ga rioya etilishi ham monitoring jarayonida o‘rganiladi.
Monitoringni tashkil etish maqsadida Federatsiya tomonidan hududiy monitoring guruhlari tuzildi. Ularning tarkibiga tarmoq kasaba uyushmalari Respublika kengashlarining mas’ul xodimlari, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining hududiy kengashlari mehnat texnik inspektorlari, shuningdek, kelishilgan holda Savdo-sanoat palatasi va O‘zbekiston Nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasining hududlardagi a’zo tashkilotlari vakillari kiritildi.
Monitoring samaradorligini oshirish hamda monitoring guruhlari a’zolari uchun qulay mehnat sharoitlarini yaratish maqsadida ishchi guruh tarkibidagi kasaba uyushmasi xodimlari maxsus kiyim-bosh va poyabzal, hududiy guruhlar rahbarlari esa planshetlar bilan ta’minlandi.
Milliy monitoringni sifatli o‘tkazish uchun uning uslubiyoti mavjud vaziyatdan kelib chiqib takomillashtirib borilmoqda. Uslubiyot ilovalarida “Monitoring guruhlarining joylarda harakatlanish ketma-ketligi”, “Monitoringda intervyu olish savolnomasi”, “Paxta yig‘im-terimi ishtirokchilari uchun yaratilgan shart-sharoitlarni baholash bo‘yicha savolnoma” hamda axborot berish shakllari berilgan.
Brifing davomida monitoring guruhlarining joylarda harakatlanish jarayoni, monitoringni tashkil etish tartibi va uni o‘tkazish bilan bog‘liq boshqa masalalar yuzasidan keng va atroflicha ma’lumot berildi.
N.Usmonova, O.Pardayev (suratlar), O‘zA