Paxta yig‘im-terimi uyushqoqlik bilan o‘tkazilmoqda
Qishloq xo‘jaligi sohasida zamonaviy resurs tejamkor texnologiyalar va innovatsion ishlanmalarning ishlab chiqilishi, ularni fermer xo‘jaliklari va agroklasterlarga joriy qilinishi natijasida bugungi kunda paxtadan yuqori hosil olinmoqda.
Joriy yil Xorazm viloyatining jami 82 ming 857 gektar maydoniga g‘o‘zaning mahalliy va istiqbolli navlari ekilib, 315 ming tonna paxta hosilini yig‘ib-terib olish rejalashtirilgan.
Yangibozor tumanida jami 8 ming 900 gektar yerda g‘o‘za parvarishlanib, bevosita paxtachilikka ixtisoslashgan 147 ta fermer xo‘jaligi bilan mavsum oldidan tuzilgan shartnoma rejalariga muvofiq agrotexnik tadbirlar talab darajasida olib borildi. Mutaxassislar mo‘ljaliga binoan mavsumda yetishtiriladigan va qayta ishlashga yo‘naltiriladigan yalpi xirmon salmog‘i ham 34 ming tonnaga yetkazilishi belgilangan. Shunda har bir fermer xo‘jaligi hisobiga paxta yetishtirish bo‘yicha gektarlar hosildorligi 40 sentnerdan oshiriladi.
Shu kecha-kunduzda tuman paxtakorlari yil bo‘yi zahmat bilan yetishtirgan “oq oltin” hosilini nest-nobud qilmasdan yig‘ishtirib olishga bor kuch-g‘ayratlarini safarbar qilmoqda.
Yig‘im-terimga fermer xo‘jaliklariga yaqindan ko‘maklashadigan 223 ta otryad safida 22 ming 300 dan ortiq ko‘ngilli terimchi safarbar etilgan. Ularning 4 ming 200 nafari fermer xo‘jaliklarining doimiy a’zolari bo‘lib, 18 ming 100 nafardan ortig‘i uyda ishsiz o‘tirgan fuqarolar, kam ta’minlangan oilalarning mehnatga layoqatli a’zolaridir. Ularga har kilogramm paxta terimi uchun dala boshida 1500 so‘mdan haq berilmoqda.
– 2023 yil hosili uchun 67 gektar maydonda paxta yetishtirmoqdamiz, – deydi “Jayxun” mahalla fuqarolar yig‘inida faoliyat yuritayotgan “Dildora Bojmon” fermer xo‘jaligi rahbari A.Alimov. – Bu yilgi shartnoma rejamiz 268 tonna bo‘lib, bugungi kunga 40 sentnerdan yuqori hosil oldik va shartnoma majburiyatimizni to‘liq bajardik, mehnatimizga yarasha dalamizda hosil cho‘g‘i baland bo‘ldi, dala boshida terimchilarga issiq ovqat va boshqa shart-sharoitlarni yaratib berdik.
Shuningdek, “Ocha-qal’a” mahallasi hududidagi “Munir Yupiter”, “Jayxun” mahallasidagi “Boshqirshix raisi” fermer xo‘jaliklari paxtazorlarida ham bo‘ldik. Yetishtirilgan hosil
Ayni kunlarda tuman fermerlar kengashi mutaxassislari tomonidan fermer xo‘jaliklari va paxta-to‘qimachilik klasterlari o‘rtasidagi shartnomaviy munosabatlarga to‘liq amal qilinishi, paxta qabul qilish maskanlaridagi laboratoriyalarda fermer xo‘jaliklari tomonidan topshirilayotgan paxta xomashyosini qabul qilishda uning navi, iflosligi, sifati, namligi va miqdorini to‘g‘ri aniqlash, xarid narxlarini haqqoniy belgilash, paxtaning konditsion vazni bo‘yicha adolatli ustama hamda chegirmalar qo‘llashda vujudga keladigan muammolarni hal etish bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatilmoqda.
N.Bozorova,
O‘zA