7 oktyabr – Xalqaro paxta kuni
Paxtachilik O‘zbekiston qishloq xo‘jaligining muhim sohasi, iqtisodiyotning asosiy bo‘g‘ini sanaladi. Paxta xomashyosi, g‘o‘zaning barglari, poyalari, chanoqlari va chigitidan 100 dan ortiq mahsulot tayyorlanadi. Ya’ni, ushbu ekindan chiqitsiz to‘liq foydalaniladi. Hozirgi kunda O‘zbekiston g‘o‘za ekin maydoni bo‘yicha (1,0-1,1 million gektar) dunyo mamlakatlari orasida oltinchi o‘rinni, paxta tolasini yetishtirish bo‘yicha (0,8-0,9 million tonna) beshinchi o‘rinni egallab kelmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bir tonna paxta bir yilda o‘rtacha 5 kishini ish o‘rni bilan ta’minlaydi. Quruq iqlim sharoitlarida ham yetishadigan paxta dunyo ahlini kiyim-kechakka bo‘lgan ehtiyojining 27 foizini qoplaydi. Undan yog‘ olinadi, chigitidan chorva mollarini oziqlantirishda foydalaniladi. Hozirda esa paxtadan innovatsion mahsulotlar yaratishda keng foydalanilmoqda.
2019 yilning 7 oktyabrida Jahon savdo tashkiloti, Birlashgan Millatlar Tashkilotining oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti kotibiyatlari bilan hamkorlikda Birlashgan Millatlar Tashkilotining savdo va taraqqiyot bo‘yicha konferensiyasi, Xalqaro savdo markazi va Xalqaro paxta bo‘yicha maslahat qo‘mitasi birinchi marta jahon paxta kunini e’lon qildi. Shundan buyon 7 oktyabr kunini Xalqaro paxta kuni sifatida keng nishonlash an’anaga aylanib bormoqda. Shu kunda o‘tkaziladigan tadbirlar paxtachilikni, paxtani qayta ishlash sanoatini rivojlantirish, sohada o‘tkaziladigan tadqiqotlar va ishlanmalarni qo‘llab-quvvatlash, sohada xalqaro hamkorlikni takomillashtirish va boshqa amaliy choralarni belgilashga qaratilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligida Xalqaro paxta kuniga bag‘ishlangan tadbirlar bo‘lib o‘tdi. Vazirlikda tashkil etilgan yarmarka va ko‘rgazmalarda paxtadan olinadigan mahsulotlar namoyish qilindi. Ilmiy-amaliy konferensiyada olimlar va mutaxassislar o‘z ma’ruzalarini taqdim etdi. Shuningdek, innovatsion va amaliy loyihalarning taqdimotlari o‘tkazildi.

Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, yaxshi hosil berayotgan navlarning super elita va elita urug‘larini ko‘paytirish bo‘yicha ilmiy tashkilot va urug‘chilik korxonasini belgilash, maqbul navlarni hududlarda ko‘paytirish va ekish bo‘yicha klasterlarga ko‘rsatma va buyurtmalar berish O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Paxtachilik kengashining asosiy vazifalari hisoblanadi.
So‘nggi uch yilda sohani raqamlashtirish bo‘yicha 10 ta axborot tizimlari ishlab chiqilib, joriy etildi. Qishloq xo‘jaligi yerlari va ekinlarini monitoring qilishga mo‘ljallangan Geoaxborot tizimi ishlab chiqilib, g‘o‘za rivojlanishi holatini masofadan aniqlash va tahlil qilish yo‘lga qo‘yildi. 3,2 mln. gektar sug‘oriladigan ekin maydonlarida barcha turdagi ekinlar monitoringi yo‘lga qo‘yildi.
Bugungi kunda respublikada 134 ta paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyat yuritmoqda. Ularning 103 tasida 2 mln. 536 ming tonna paxtani qayta ishlash hamda 41 ta klasterda 193,5 ming tonna mato ishlab chiqarish quvvatlari mavjud. Paxtaga agrotexnik ishlov berish va undan yuqori hosil olishni ilmiy asoslangan texnologiyalar asosida tashkil qilish maqsadida 16 ta paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarish klasterlariga 31 nafar olim biriktirilgan.
Ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida paxta-to‘qimachilik klasteri tizimini rivojlantirish, sohadagi mavjud muammolarni hal etishga qaratilgan umumiy qiymati 36,1 milliard so‘m bo‘lgan 21 ta loyiha 11 ta oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari tomonidan bajarilmoqda.
Tadbir davomida paxta-to‘qimachilik klasterlari va ilmiy tadqiqot muassasalari o‘rtasida ilmiy tadqiqotlar natijalarini amaliyotga joriy qilish hamda hamkorlik to‘g‘risida kelishuvlar imzolandi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/IjI5GRkcelU" title="Пахта хомашёсидан 100 дан ортиқ маҳсулот тайёрланади" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA