Paxta-to‘qimachilik klaster korxonalaridan fermer xo‘jaliklarining haqlari undirilmoqda
Andijon viloyatida o‘tgan yili 2 ming 414 ta paxtachilik yo‘nalishidagi fermer xo‘jaliklari bilan tumanlardagi paxta-to‘qimachilik klaster korxonalari o‘rtasida 79 ming 291 gektar maydonda 251 ming 700 tonna paxta xomashyosi yetishtirish bo‘yicha kontraktatsiya shartnomalari imzolangan edi.
Mavsum yakunida fermerlar paxta sotish bo‘yicha tuzilgan shartnomaviy rejani 268 ming 232 tonna miqdorida, amaldagi rejaga 6,6 foiz ortig‘i bilan bajardi. Bu esa 2019 yilda yetishtirilgan hosilga nisbatan 9 ming 643 tonna ko‘p demakdir. Fermerlar yetishtirgan paxta xomashyosining qariyb 95 foizi yuqori nav va sinfga sotildi.
Yakuniy hisob-kitoblarga ko‘ra, ko‘plab fermer xo‘jaliklari moliyaviy muvaffaqiyatlarga erishgan holda, viloyat va tumanlar fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashlariga bir nechta tumanlarda faoliyat yuritayotgan fermer xo‘jaliklari asossiz ravishda ortiqcha mablag‘lar ushlab qolinganligi to‘g‘risida murojaatlar kelib tushgan. Ularda hududlardagi paxta qabul qilish punktlari fermerlar topshirgan paxta xomashyosi belgilangan standartlarda qabul qilib olingan bo‘lsada, paxta xomashyosining namligi va iflosligi uchun ushlab qolinadigan chegirmalar “O‘zstandart” agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi «Sifat» O‘zbekiston paxta tolasini sertifikatlash markazi va “O‘zpaxtasanoat” aksiyadorlik jamiyati kabi idoralar tomonidan tasdiqlangan me’yorlarga asosan amalga oshirilmaganligi bildirilgan.
– Viloyat fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi fermerlarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida tumanlarda monitoring o‘tkazmoqda, – deydi Andijon viloyat fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi F.Nabijonov. – Aslida tumanlardagi fermer xo‘jaliklari paxta xomashyosi yetishtirish bo‘yicha paxta-to‘qimachilik klaster korxonlari bilan tuzilgan kontraktatsiya shartnomasiga asosan, sotilgan xomashyo uchun yakuniy hisob-kitob mablag‘lari 2020 yilning 31 dekabr kuniga qadar to‘lab berilishi belgilangan. Lekin o‘rganishda ma’lum bo‘lishicha, ayrim klaster korxonalari 1 ming 293 ta fermer xo‘jalikning 61 milliard 330 million so‘m mablag‘ini kontraktatsiya shartnomasida kelishilgan muddatda fermerning hisobraqamiga o‘tkazib bermagan.
Bunga ko‘plab misol keltirish mumkin. Masalan, Paxtaobod tumanidagi “Oltin mato” MCHJ paxta-to‘qimachilik klaster korxonasida 261 ta fermer xo‘jaligining 9 milliard 400 million so‘mi, Bo‘ston tumanidagi “Sayyora Favvorasi” MCHJ paxta-to‘qimachilik klaster korxonasida 109 ta fermer xo‘jalikning 4 milliard 959 million so‘mi, Ulug‘nor tumanidagi “Vodiy sanoat faxri” MCHJ paxta-to‘qimachilik klaster korxonasida 180 ta fermer xo‘jaligining 1 milliard 211 million so‘m, Izboskan tumanida “Sohib omad baraka” MCHJ paxta-to‘qimachilik klaster korxonasida 168 ta fermer xo‘jalikning 21 milliard 929 million so‘mi borligi aniqlandi. Bu ro‘yxatni yana uzoq davom ettirish mumkin.
Ayni vaqtda aniqlangan holatlar bo‘yicha viloyat fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi fermer xo‘jaliklarining mavjud haqdorliklarni undirish bo‘yicha tumanlararo Iqtisodiy sudlariga da’vo arizalari kiritish yuzasidan ishlar olib borilmoqda. Shuningdek, fermer xo‘jaliklarining huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida Paxtaobod tumanidagi "Oltin mato teks" MCHJ hisob-kitoblar tahlil asosida 982 million 781 ming so‘m mablag‘ tumandagi fermer xo‘jaliklari hisobiga qaytarildi.