Paxta qabul qilish punktlari mavsumga shay
Mirishkor dehqonlarimizning erta bahordan qilgan samarali mehnatlari taroziga tushadigan, paxta xom ashyosidan oppoq xirmon barpo etiladigan, bir so‘z bilan aytganda, g‘alvirni suvdan ko‘taradigan damlar boshlandi.
63 ming 406 gektar maydonga urug‘ qadagan namanganlik paxtakorlar tomonidan joriy yilda jami 216 ming tonna sifatli xom ashyo yig‘ishtirib olish rejalashtirilgan. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Namangan viloyati boshqarmasi tomonidan ommaviy axborot vositalari xodimlari va blogerlar ishtirokida o‘tkazilgan press-tur paxtani qabul qilish, hosil sifatini aniqlash kabi masalalarga bag‘ishlandi.
Joriy yil hosilidan boshlab, mamlakatimizda yetishtirilgan paxta to‘liq to‘qimachilik klasterlari va fermer xo‘jaliklarining ixtiyoriy kooperatsiyalari tarkibidagi paxta tozalash korxonalarida qayta ishlanadi.
Paxtaning sifati va miqdorini aniqlash natijalari tayyorlov maskani laboratoriyalari xodimlarining sinovlarni o‘tkazish malakasi, standart talablarini bilishlari, sinovlarda qo‘llaniladigan sinov vositalari va jihozlarning talablarga javob berishiga bog‘liq.
“Oq oltin” ni topshirish va qabul qilish ishtirokchilari tomonidan paxtani qabul qilish, sinovlarni o‘tkazish tartibini o‘rganish, nizoli holatlar kelib chiqishining oldini oladi, qimmatbaho sanoat xomashyosini toza va quruq terish orqali ustamalar olishni rag‘batlantiradi.
Namangan tumanidagi "Toshduloq teks" mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli Toshbuloq paxta tozalash korxonasida jurnalistlar va ijtimoiy tarmoq faollariga ayni shular haqida atroflicha ma’lumot berildi.
– Bu yil Namangan viloyatida yettita paxtachilik klasteriga qarashli sakkizta paxta tozalash korxonasi va 21 ta paxta qabul qilish maskani mavsumga shay holga keltirildi, – deydi Agroinspeksiya Namangan viloyati boshqarmasining paxta xom ashyosi, don, urug‘lar va ularni qayta ishlashdan olingan mahsulotlardan foydalanishni nazorat qilish bo‘limi bosh inspektori Abdunabi Qayumov. – Seminarda mavsumga puxta tayyorgarlik ko‘rish, paxtani qayta ishlash korxonalari hamda qabul qilish maskanlarida klaster va fermer xo‘jaliklari o‘rtasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nizoli vaziyatlarda e’tibor qaratilishi zarur bo‘lgan masalalar yuzasidan ma’lumotlar berdik.
Press-tur davomida qabul maskanlariga keltirilgan hosilning namligi, ifloslilik darajasini aniqlash, laboratoriya tekshiruvlarini o‘tkazish, me’yoriy hujjatlar asosida ish tashkil etish kabi masalalarga alohida to‘xtalib o‘tildi.


Oqilxon Dadaboyev, O‘zA