Paxta-to‘qimachilik klasterlari va fermerlar mavzusi eng ko‘p ko‘tarilgan mavzulardan biri. Prezidentimiz joriy yil 18 avgust kuni tadbirkorlar bilan Ochiq muloqotda klasterlar haqida to‘xtalib, “..hamma qarshi bo‘lsa ham klaster faoliyatini ishga tushirdik va tizim o‘z samarasini ko‘rsatdi”, deb qayd etdi.
Shuningdek, muloqotda xalqni, jumladan, fermerlarni “Paxta qulligidan” ozod qilish Prezident orzusi bo‘lgani alohida ta’kidlandi. Bunga erishishda aynan paxta - to‘qimachilik klasterlari sabab bo‘ldi.
Haqaqatan, fermerning yelkasiga shamol tegishiga aynan klasterlar sababchi. Paxta bugun O‘zbekistonda dunyodagi eng baland narxda sotib olinmoqda. Bunda aynan klasterlarning hissasi bor.
Tahlillarga ko‘ra, o‘tgan yilgi paxta hosili bo‘yicha jahon bozori bilan ichki bozordagi tola narxi o‘rtasida katta tafovut bo‘lgani oqibatida klasterlar 6 trillion so‘m (500 million dollarga yaqin) zarar ko‘rgan.
2022 yilda Qishloq xo‘jaligi vazirligi O‘zbekistonda yetishtiriladigan o‘rta turdagi paxta xomashyosining eng kam xarid narxini 1 kg uchun 10 ming 25 so‘m qilib belgiladi. Jahon bozorida esa narx ikki baravar past bo‘lgan.
“Art soft holding” korxonasi rahbari Olimxon Boboxonovning fikricha, paxtaning narxi aslida Nyu-York birjasidan kelib chiqqan holda belgilanishi kerak. Buni Qishloq xo‘jaligi vazirligi dunyo bozorlarini o‘rganib, mutaxassislar tahlili asosida belgilashi to‘g‘ri bo‘ladi. Doimiy ravishda jahonda paxta narxini nazorat qilish, tahlilchi mutaxassislar tomonidan o‘tgan yil narxlarini solishtirgan holda 5 -10 yil uchun “prognoz”lar berilishi lozim.
— Klasterlarning 6 trillion so‘m zarar ko‘rganining sababi — narx belgilanishi paxtaning narxi ko‘tarilib - tushayotgan vaqtga to‘g‘ri kelgan edi. Tahlil qilib olganda, 1 kg. paxta xomashyosining 5,5 - 6 ming so‘m narxi 10 ming 25 so‘m qilib belgilandi. Mana bugun ham 83 kotirovka hisoblab chiqilsa, tolaning narxi 21 ming so‘m, paxta xomashyosi 5-6 ming so‘m bo‘lyapdi, – dedi u.
O‘z navbatida, ko‘plab klaster rahbarlari ham narxlar jahon narxlari darajasida belgilanishi to‘g‘ri qaror bo‘lishini ta’kidlaydi. Shu bilan birga, klasterlar paxta tannarxi jahon narxlaridan oshsa, hukumat tomonidan subsidiya sifatida narxdagi farqni korxonaga qaytarish mexanizmini joriy etish yoki soliq imtiyozlari berilishi lozim.
Shu vaziyatni hisobga olib, hukumatimiz tomonidan klasterlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari yanada kengaytirilmoqda. Unga ko‘ra, kreditlar bo‘yicha qarzlarni to‘lash 3 trillion so‘mlik muddat bir yilga uzaytirildi.
Klasterlarning aylanma mablag‘lari uchun bir yarim yil muddatga 3 trillion so‘m kredit ajratiladi. Bundan tashqari, paxta va sun’iy tolani olib kelishda transport xarajatlarining 50 foizi qoplab beriladi. Xomashyo, bo‘yoq va kimyoviy vositalar, furnitura, sovutish tizimlari va aksessuarlar uch yil muddatga davlat bojidan ozod qilinadi.
— Klaster paxta yetishtirish uchun o‘zining mol - mulkini garovga qo‘yib bankdan kredit olib, uni hech qanday garov yoki kafolatsiz fermer xo‘jaligiga berayapti, - deydi "Merganteks" MCHJ rahbari Ibrohim Hamroyev. — Fermerda hech qanday majburiyat bo‘lmaganligi sababli o‘ziga olgan majburiyatini qasddan bajarmaslik holati yildan - yilga ko‘payib bormoqda. Qarzni to‘lashdan qochish maqsadida mol-mulkini boshqalarga o‘tkazish holatlari uchramoqda. Fermer paxta hosilini moliyalashtirish uchun o‘zining mol-mulkini, yerini garovga qo‘ymas ekan, fermer xo‘jaliklarining paxta to‘qimachilik klasterlari oldidagi majburiyatlarini qasddan bajarmaslik holatlari borgan sari ko‘payib boraveradi.
Qonunchilik bo‘yicha fermer ham, klaster ham tadbirkor. Qonun oldida har ikkasining javobgarligi bir xil bo‘lishi, har ikki tomon o‘z ishiga adolat bilan yondashishi kerak.
Hozirgi kunda ba’zi fermerlar hosildorlikni o‘ylayapti. Shartnomaga asosan 30 sentr uchun to‘lovlar klasterlar tomonidan fermerlarga o‘tkazib berilmoqda. Lekin katta-katta xarajatlar qilinib, 20 - 25 sentner hosil olinmoqda va, go‘yoki, hosildorlik yaxshi bo‘lmayapti. Shu yerda narx masalasidan kelib chiqib klasterlar ziyon ko‘rmoqda.
– O‘zbekistonda 4-5 yil oldin 30-40 foiz tola qayta ishlangan, - dedi mutaxassis Toir Kuliyev. - Qolgani esa tola ko‘rinishida eksport qilingan. Besh yil oldin fermerlar 1,5 - 2 million tonna paxta uchun pul olgan, xolos. Eslang, o‘shanda paxtaning narxi qancha edi? Qaysidir fermer hursand bo‘lib paxta ekkanmi? Klaster bo‘lguncha hamma fermerlar paxta rejasini bajarish va yillab shu pulni orqasidan yurish bilan sarson edi. 20 yil oldin ham tolani jahon bozoridagi bahosi 1,8 - 2,0 dollar edi. Hozir ham shu narx, katta o‘zgarish yo‘q. Lekin O‘zbekistonda paxta narxi 120 foizga oshdi. Sababi, talab ko‘paydi, klasterlar yangi ip kalava fabrikalarini tashkil qildi, yangi ishlab chiqarish quvvatlari ko‘paydi. Avvaldan ip - kalava va tayyor mahsulot ishlab chiqarishiga ega klasterlar 11-15 foizni tashkil qiladi va ular to‘liq zanjirni yaratib oldi. Lekin yangi klasterlar to‘qimachilik fabrikasini shaxsiy sarmoyasi va bank kreditlari evaziga yangidan vujudga keltirmoqda. Mavjud kreditni yopmasdan, zanjirning keyingi bosqichiga o‘tib bo‘lmaydi. Chunki yangi korxonaning ishini yo‘lga qo‘yib, jahon talabiga mos mahsulot ishlab chiqarish uchun ham kamida 2 - 3 yil kerak. Kredit esa kutib turmaydi, ko‘payib boradi. Keyingi katta muammo – sotish uchun bozor kerak.
Yuqoridagi fikrlar asosida xulosa shuki, bunga yechim fermerga subsidiya berish va klasterlar butun zanjirini to‘liq shakllantirib, tayyor mahsulot eksport qilishga o‘tgunga qadar ularni arzon xomashyo bilan ta’minlash sohada amalga oshirilayotgan islohotlar ijrosida eng maqbul ishdir.
“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi
matbuot xizmati.
O‘zA