Paxta hosilining 3,4 million tonnasi yig‘ib olindi
Paxta dalalarida hosil terimi qizg‘in. Mas’uliyatli pallada zamonaviy texnikalarning shiddatli harakati va dehqonlar mehnati uyg‘unlashmoqda. Mavsumning asosiy bosqichi qanday kechmoqda?
Paxta dalalarida mehnat sur’ati tobora jadallashmoqda. Fermerlar, mexanizatorlar va terimchilar uchun mas’uliyatli pallada har bir kun, har bir soatning qadri baland. Zero, yomg‘irli kunlardan oldin yetishtirilgan hosilni nest-nobud qilmay yig‘ib olish klaster va fermerlar oldidagi dolzarb vazifa. Chunki, sifatli va o‘z vaqtida yig‘ib olingan tola dehqonlar mehnatini yuzaga chiqaradi.
2026-yilning 12-oktabr holatiga ko‘ra, mamlakatimizda 3,4 million tonna paxta xomashyosi yig‘ib olindi. Bu ko‘rsatkich joriy yil hosili uchun klaster va fermerlarga belgilangan 4,5 million tonnalik shartnomaviy ko‘rsatkichning 76 foiziga teng.

Ayni paytda paxta dalalarida zamonaviy texnikalar imkoniyatlaridan keng foydalanilmoqda. Bugungi kungacha 848 ming tonna paxta qo‘l terimi orqali yig‘ib olingan bo‘lsa, 2,6 million tonna hosil yuqori unumli paxta terish mashinalari yordamida yig‘ib olindi. Ya’ni, umumiy terim hajmining 75 foizi mexanizatsiyalashgan terim hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, qo‘l terimi orqali yig‘ilgan paxtaning 174 ming tonnasi paxta dalalarning chetlarini mexanizatsiyaga tayyorlash, ya’ni terim mashinalariga qayrilib olishi uchun sharoit yaratish maqsadida amalga oshirilgan bo‘lsa, fermerlar va agroklasterlarning ishchilari tomonidan 674 ming tonna paxta terim mashinalari kira olmaydigan kichik konturlardan terib olingan. Kelgusida bu konturlarni ham kengaytirish ko‘zda tutilgan.
Bu natijalar paxtachilikda zamonaviy texnika va mexanizatsiyaning ahamiyati tobora ortib borayotganini ko‘rsatadi. Chunki, hosilni o‘z vaqtida yig‘ib olish nafaqat fermerning iqtisodiy manfaatlari, balki yetishtirilgan mahsulotni sifatli saqlash va qayta ishlash jarayonlari uchun ham muhimdir.

Terim mavsumida jami 3 mingga yaqin yuqori unumli paxta terish mashinasi ishga jalb etilgan bo‘lib, bugungi kunda ularning barchasi dalalarda faoliyat olib bormoqda. Shundan, joriy yilda fermer xo‘jaliklari va agroklasterlarga lizing asosida 1 mingdan ziyod zamonaviy paxta terish mashinalari yetkazib berildi.
Bu esa terim jarayonlarini mexanizatsiyalash, texnik imkoniyatlarni kengaytirish va hosilni qisqa muddatlarda yig‘ib olishga xizmat qilmoqda.

Kunlik natijalar ham terim sur’ati yuqori ekanini ko‘rsatmoqda. Xususan, 12-oktabr kuni paxta terish mashinalari yordamida 147 ming tonna paxta xomashyosi terib olindi. Bir kunda bitta paxta terish mashinasiga o‘rtacha 50 tonnadan hosil to‘g‘ri keldi.
Ayni kunlarda dalalarda kechayotgan qizg‘in mehnat, zamonaviy texnikalarning uzluksiz harakati va terimni jadallashtirishga qaratilgan sa’y-harakatlar mavsumning muhim bosqichini tashkil etmoqda.
Sanjar Toshpo‘latov,
O‘zA