"Paxta-2026": Mas’uliyatli mavsum boshlandi
Yerga qadalgan chigitdan ko‘zni quvnatadigan paxta hosili yetishtirilguncha bo‘lgan jarayon oson kechmaydi. Bu dehqondan yil davomida zahmat, sabr va mas’uliyat talab etadi. Ayniqsa, dalalardagi oppoq xirmonni yig‘ib-terib olish pallasida har bir kun, har bir soatning qadri yanada oshadi.
Toshkent viloyatida ham ana shunday mas’uliyatli mavsum boshlandi. Paxtachilikda yil davomida qilingan agrotexnik tadbirlar samarasini ko‘rsatadigan, fermer va mexanizatorlar mehnatiga baho beriladigan terim mavsumiga kirishildi. An’anaga ko‘ra, yangi paxta terimi mavsumini ezgu niyatlar bilan boshlash maqsadida viloyat faollari, nuroniylar, davlat va jamoat tashkilotlari mutasaddilari, tuman va shahar hokimlari, fermer va klaster rahbarlari hamda qishloq xo‘jaligi sohasi vakillari Zangiota ziyoratgohiga yig‘ildi.
Viloyat hokimi Zoyir Mirzayev boshchiligida tabarruk maskan ziyorat qilinib, o‘tganlar ruhiga Qur’on tilovat qilindi. Jonliq so‘yilib, ehson dasturxoni yozildi. Qo‘llar duoga ochilib, paxta dalalaridagi mehnatga baraka so‘raldi, mo‘l hosilni nest-nobud qilmay yig‘ib-terib olish, yurt dasturxoni to‘kin, xonadonlar fayzli va mamlakatimiz tinch-osoyishta bo‘lishi tilanib, fotiha qilindi.

Joriy yil viloyat paxtakorlari uchun ham mehnat va izlanishlarga boy bo‘ldi. Dalalarda zamonaviy agrotexnologiyalardan foydalanib, g‘o‘zani parvarishlash, oziqlantirish, kasallik va zararkunandalardan himoya qilish, suvdan tejamli foydalanish kabi muhim tadbirlar belgilangan muddatlarda bajarildi. Xususan, hudud bo‘yicha 1110 ta fermer va qishloq xo‘jaligi korxonasi tomonidan 54 ming gektar maydondan 281 ming tonna paxta hosili yig‘ishtirib olish rejalashtirilgan.
Bu yilgi mavsumda hosilni yig‘ib-terib olishda mexanizatsiya darajasini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda 46 ming gektar maydonda, ya’ni jami paxta maydonlarining 85 foizida hosil mashina yordamida terib olinadi. Buning uchun 50 dan ortiq yangi paxta terish mashinasi xarid qilinib, viloyatdagi paxta terish texnikalari soni 180 taga yetkazildi. Terim jarayonini samarali boshqarish va mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanishda raqamli texnologiyalarga ham keng o‘rin berilmoqda. Jumladan, paxta terish mashinalarining harakati, ish vaqti, terilgan maydoni va bekor turib qolishini onlayn nazorat qilish imkonini beruvchi GPS tizimidan foydalanish yo‘lga qo‘yilmoqda.

Mavsumni uyushqoqlik bilan o‘tkazish, dalalarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni joyida hal etish, fermer va klasterlarga amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida viloyatdan har bir tumanga mas’ullar biriktirildi.
Tadbirda viloyat rahbari so‘zga chiqib, paxta terimida qatnashadigan mexanizatorlar, fermerlar, klaster rahbarlari va soha mutasaddilariga mavsumni tizimli tashkil etish, texnika hamda mavjud resurslardan samarali foydalanish, hosilni nobud qilmay yig‘ib olish, yong‘in xavfsizligi va belgilangan texnik talablarga qat’iy rioya qilish yuzasidan zarur ko‘rsatma va tavsiyalar berdi.
A.Musayev,O‘zA