Paxtachilikda sog‘lom mehnat va raqobatni yuzaga keltirish bozor iqtisodiyotining muhim qonuniyatlaridandir.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilda 140 ta paxta-to‘qimachilik klasterlari va 32 mingga yaqin fermer xo‘jaliklari tomonidan 136 ta tumanda 1 million 12 ming gektar yerga soha olimlari tavsiyalari asosida hududlarning tabiiy iqlim sharoitiga mos 28 ta rayonlashgan va 17 ta istiqbolli g‘o‘za navlari ekilgan. Serhosil va tola sifati yuqori bo‘lgan 8 ta g‘o‘za navlari maydoni 157 ming gektarga kengaytirildi va ertapishar navlar maydoni 78 foizga yetkazilgan.

Paxtakorlarga davlat tomonidan moliyaviy ko‘mak o‘z vaqtida, to‘liq suratda ko‘rsatildi. Jumladan paxta yetishtirishda agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida sifatli o‘tkazish maqsadida, paxta-to‘qimachilik klasterlariga Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan joriy yilning o‘zida qariyb 10 trln. so‘m mablag‘ ajratilgan. Shuningdek, urug‘lik, mineral o‘g‘itlar, yonilg‘i-moylash materiallari va o‘simliklarni himoya qilish vositalari klasterlar tomonidan fermer xo‘jaliklariga ustama qo‘llamasdan, ya’ni o‘tgan yilga nisbatan 15-20 foiz past narxlarda o‘z vaqtida yetkazib berilishi ta’minlangan.
Paxta xom-ashyosiga davlat buyurtmasining bekor qilinishi, qat’iy narx belgilash amaliyotidan voz kechilishi, sohada xo‘jalik yuritishning bozor munosabatlariga mos yangi klaster tizimining joriy etilishi paxta yetishtiruvchilarda moddiy manfaatdorlikning oshishiga xizmat qilmoqda.
Mutaxassislarning qayd etishicha, fosforli o‘g‘itlar 20-25 foizgacha, yoqilg‘i moylash materiallari 20-22 foizgacha arzonlashtirilgan holda yetkazib berilgani paxta yetishtirish xarajatlarini kamaytirish imkonini berdi. Paxta xom ashyosi tannarxining kamayishi o‘z navbatida uning sotib olish bahosini 20 foizgacha pasayishiga olib keldi. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, jahon bozorida paxta tolasining kotirovka bahosi tahlil qilinganda, bugungi kunda bir tonna paxta tolasining o‘rtacha bahosi 24-25 million so‘mga yoki bir tonna paxta xom ashyosining bahosi o‘rtacha 8-8,3 million so‘mga to‘g‘ri kelmoqda.
So‘nggi yillarda zamonaviy texnologiyalardan foydalanishga e’tibor berilmoqda. Shu yilning o‘zida paxta maydonlarining 80 ming gektarida tomchilatib sug‘orish tizimi joriy etildi va 111 ming gektari lazerli tekislandi. Natijada, 250 ming gektar maydonda zamonaviy suv tejovchi texnologiyalar asosida paxta yetishtirildi va 300 ming gektar maydonda yer tekislanib yuqori sifatli agrotexnika joriy etildi.
Sohaga zamonaviy agrotexnik tadbirlar hamda resurs tejamkor innovatsion texnologiyalarning keng joriy etilishi natijasida, paxta hosildorligi o‘tgan yilga nisbatan 4 sentnerga oshishi va o‘rtacha 38 sentnerga yetkazilishi hisob-kitob qilindi.
Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan klasterlarga 4,9 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi belgilandi.
2023 yil mavsumida 1 ming 47 ta paxta terish mashinalari bilan 1 million tonna yoki 28 foizdan ortiq paxta xom ashyosini terib olish imkoni yaratildi. Ayrim hududlarda mexanizator operatorlar tomonidan 20-22 soat davomida 65-70 tonnagacha paxta terilmoqda.
Bugungi kunga qadar, 31 mingdan ortiq fermer xo‘jaligining 60 foizida ko‘zlangan reja ortig‘i bilan bajarilib, hosildorlik 40-45 sentnerni tashkil etdi. 65 ta fermer xo‘jaligida 55-60, 123 ta fermer xo‘jaligida 50-55, 238 ta fermer xo‘jaligida 45-50, 476 ta fermer xo‘jaligida esa 40-45 sentnerdan paxta hosili yetishtirilib, yuqori daromad olishga erishildi.
Muhayyo Toshqorayeva tayyorladi,
O‘zA