Pastdarg‘omlik o‘tmishimiz jonkuyarlarini bilasizmi? (+video)
Oramizdagi zamondoshlarimiz
Pastdarg‘omlik maktab o‘qituvchilari Akmalxon Hamroyev va Sharif Saxatovning tumandagi muqaddas qadamjolar, arxeologik tepalik va yodgorliklar haqidagi xabar va ma’lumotlarini ularning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida kuzatib boraman. Ba’zida tadqiqotlari haqida gazetalarga ham maqolalar yozishadi.
To‘g‘risi, ularning shijoatiga havas qilsam-da, ba’zan hayron qolaman. Sababi, hech kim yoki biror bir idora ularga bu ob’ektlarni o‘rgan, deb vazifa topshirmagan, buning uchun sharoit va imkoniyat yaratib bermagan, rag‘batlantirish to‘g‘risida-ku, gapirmasak ham bo‘ladi. Shunga qaramay, o‘z ishlari, ro‘zg‘or tashvishlaridan ortib, dala-dasht kezib, tumanning har bir maskanidan o‘tmishni o‘rganishmoqda.

Faqatgina keyingi paytda nodir manbalar, tarixiy madaniy yodgorliklar haqidagi chiqishlari, murojaatlaridan so‘ng shu hududdan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylangan deputat M.Abdiyeva hamda pastdarg‘omlik ayrim fidoyi insonlar ularni qo‘llab-quvvatlayapti, yordam bermoqda. Ana shu e’tibor tufayli tumandagi “Oshiq ota” ziyoratgohi madaniy meros ob’ekti sifatida ro‘yxatga olindi. Tuman hududidagi qabriston va ziyoratgohlardagi qadimiy qabrtoshlar, tarixiy qo‘lyozma va kitoblarni o‘rganishga kirishildi.
Yaqinda Akmalxon bizni tumanga taklif etib, bir qator arxeologik ob’ektlarni ko‘rsatdi. Dastlab tumanning Samarqand shahri yaqinidagi sanoat hududida joylashgan qadimiy tepalikka boshladi.
– O‘tgan hafta shu hududdan o‘tayotib, tepalikka ko‘zim tushdi va darrov shu yerda yashovchilarni chaqirib, bu joy tarixi haqida so‘radim – deydi A.Hamroyev. – Lekin hech kim tepalik tarixi haqida ma’lumotga ega emas ekan. Keyin viloyat madaniy meros boshqarmasi mas’ullariga xabar berdim. Ular kelib tepalikni o‘rganishdimi- yo‘qmi, bilmayman. Shunisi aniqki, bu joy ham qadimiy tarixga ega. Tepalik atrofidan topilgan sopol parchalari shunday dalolat berib turibdi. Hudud ro‘yxatga olinib, muhofaza qilinsa, yaxshi bo‘lardi.

Tumanning Sanchiqul mahallasida ham olis o‘tmishdan so‘zlovchi bir qator ob’ektlar bor ekan. Azlartepa tepaligi, XV-XVI va XVIII-XIX asrlarga oid qabriston va masjid shular jumlasidandir.
Ushbu qabriston yaqinidagi joyda ikkita qadimiy qabrtosh saqlanib qolgan. Ularning biri Muhammad ibn Darvish ismli shaxsga tegishli degan taxminlar bor. Ammo hozir bu joyni na qabriston, na ziyoratgoh, deb bo‘ladi. Hudud e’tibordan chetda qolgan, hatto chiqindixonaga aylanmoqda. Tadqiqotchilar ana shundan kuyinib, bu maskan tarixini tezroq o‘rganish zarurligini qayd etishdi.
Mahalladagi Azlartepa, aslida Azizlar tepaligi ham qadimiy arxeologik yodgorliklardan biri bo‘lib, bu joy qo‘rg‘on, aholi yashash maskani bo‘lgani haqida turli qarashlar, rivoyatlar mavjud. Bu ob’ekt ham mutaxassislar tomonidan chuqur tadqiq etilishi va muhofazaga olinishi zarurligini ta’kidlashdi hamrohlarimiz.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/RebYpAUMDgc" title="Pastdargʻomlik oʻtmishimiz jonkuyarlarini bilasizmi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Akmalxon Hamroyev va Sharif Saxatov yaqinda Qayrag‘och qishlog‘idagi eski qabristondan tuproq ostida ko‘milib ketgan ikkita qabrtosh bo‘lagini topishdi.
Shu yurtning o‘tmishi va buguniga befarq bo‘lmagan bu fidoyi o‘qituvchilar endilikda tumanda muzey tashkil etish, mavjud tarixiy madaniy yodgorliklarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va muhofazaga olish hamda chuqur tadqiq qilinishi harakatida yuribdi.
Umid qilamizki, ularning bu niyatlarini amalga oshirishga Pastdarg‘om tumani hokimligi va tegishli idoralar yordam ko‘rsatishadi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (video), O‘zA muxbirlari