30 iyul – Xalqaro odam savdosiga qarshi kurashish kuni munosabati bilan O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi tashabbusi bilan “Biz odam savdosiga qarshimiz” huquqiy-targ‘ibot oyligi e’lon qilindi.
Jumladan, partiyaning Namangan viloyati kengashi tashabbusi bilan Namangan shahridagi 51-sonli umumta’lim maktabida oylik doirasida ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Odam savdosi kabi global muammoning oldini olish, fuqarolarni xatarlardan ogohlantirish va ularning huquqiy ongini oshirishga qaratilgan tadbirda viloyat markazidagi Mehribonlik, Dashtbog‘ va Ravnaq mahallalari faollari, ta’lim sohasi va huquqni muhofaza qilish organlari vakillari, mahalliy Kengash deputatlari hamda partiya faollari ishtirok etdi.

Davra suhbati tarzida kechgan uchrashuvda “Adolat” SDP Namangan viloyati kengashi raisi Isroil Jo‘rayev, viloyat adliya boshqarmasining inson huquqlarini himoya qilish sho‘’basi boshlig‘i Dilshod Abdullayev, Namangan shahar IIB jinoyat qidiruv bo‘limi tezkor vakili, mayor Elshod Mirzaakbarov, xalq deputatlari shahar kengashi deputati Rohila Mirzayeva odam savdosining bugungi kundagi tahdidli ko‘lami, uning salbiy oqibatlari va bu razil illatga qarshi kurashish mexanizmlari haqida atroflicha so‘z yuritdi. Jabrlanuvchilarning o‘z holatini atrofdagilarga qanday ma’lum qilishi, qaysi manzillarga murojaat etishi va shoshilinch yodam so‘rash tartibi amaliy ko‘rsatmalar orqali tushuntirib berildi.

Darvoqe, tadbir davomida ishtirokchilar ham o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan mutaxassislarga murojaat qildi. Jumladan, ishtirokchilardan biri keksa ayol R.A. nabirasining xorijda muammoli vaziyatga tushib qolgani haqida aytib, tegishli maslahat va huquqiy yo‘l-yo‘riqlar oldi.
“Barcha fuqarolarimizni oylik doirasidagi tadbirlarda faol ishtirok etishga chaqiramiz. O‘zingiz va yaqinlaringizni odam savdosidan asrang, aldov qurboniga aylanib qolmang!”, deyildi targ‘ibot tadbirida.

Oylik doirasida viloyatning barcha hududlarida, xususan, ishsizlik darajasi yuqori bo‘lgan mahallalarda keng qamrovli tadbirlar – aholi, shu jumladan, yoshlar va xotin-qizlar uchun huquqiy maslahatlar, seminar-treninglar, uchrashuvlar, ishsiz fuqarolarning bandligini ta’minlash maqsadida mehnat yarmarkalari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Qolaversa, odam savdosidan jabrlanganlarni reabilitatsiya qilish markazlari faoliyati jamoatchilik nazorati tartibida o‘rganiladi.
Bunday amaliy tadbirlarning tizimli ravishda o‘tkazilishi jamiyatda huquqiy madaniyatni shakllantirish, inson huquqlarini himoya qilish, jabrlanuvchilarga yordam berish mexanizmlarini kuchaytirish, ayniqsa, yosh avlodni bu kabi xatarlardan asrashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA