Partiya hunarmandlar o‘rtasida tanlov o‘tkazdi
O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Toshkent shahar Kengashi mamlakatimiz mustaqilligining 30 yillik bayrami munosabati bilan “Milliy istiqlol va qadriyatlar tarannumi” mavzusida hunarmandlar o‘rtasida ko‘rik-tanlov o‘tkazdi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Xalq deputatlari Toshkent shahar hamda tuman Kengashi deputatlari, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Toshkent shahar Kengashi mas’ullari, Xalqaro “Oltin meros” xayriya jamoat fondi, O‘zbekiston eksportchilar uyushmasi vakillari, hunarmandlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
[gallery-3615]
Ko‘rik-tanlovda Xalqaro “Oltin meros” xayriya jamoat fondi hunarmandlari kandakorlik, miniatyura, o‘ymakorlik, naqqoshlik, sopolga gul chizish, sandiqchilik, charmchilik, zargarlik, kashtachilik kabi yo‘nalishlarda o‘z ijodiy ishlari, san’at asari darajasidagi qo‘l mehnati namunalari bilan qatnashdi.
–Ushbu tanlov yo‘qolib borayotgan milliy hunarmandchilik namunalarini saqlab qolish, boyitish va kelgusi avlodga yetkazish, “Ustoz va shogird” an’analari davomiyligini ta’minlash, yosh hunarmandlarni qo‘llab-quvvatlash, mehnatlarini munosib e’tirof etishga qaratilganligi bilan ahamiyatli, - dedi tadbirda so‘z olgan MTDP Toshkent shahar Kengashi raisi Otabek Jiyanbayev. – O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Toshkent shahar Kengashi hamda Xalqaro “Oltin meros” xayriya jamoat fondi o‘rtasida imzolangan memorandum bu kabi tadbirlar va ko‘plab amaliy ishlarga zamin bo‘layotganligi bilan ahamiyatlidir.
Hunarmand Ubaydullo Qosimov ko‘rik-tanlov g‘olibi bo‘ldi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlar Shorasul Shoahmedov va Oyatullox Madaliyevlarga nasib etdi.
G‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan rag‘batlantirildi.
Muhammad AMIN olgan (surat), O‘zA