Parrandachilik – kam xarajat, yaxshi daromad
Yurtimizda xotin-qizlar va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning mamlakatimiz iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha sohalaridagi faolligini oshirish, ularga har tomonlama ko‘maklashish hamda tadbirkorlik tashabbuslarini yanada qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 5 martdagi “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada dasturilamal vazifasini bajarmoqda.
Navoiy viloyatida ham bu borada qator ishlar amalga oshirilib, xotin-qizlar va yoshlarning muammolarini tizimli o‘rganish, ularning muammolarini hal etish borasida joylarda “Ayollar daftari”, “Temir daftar” va “Yoshlar daftar”lari tashkil etilib, ularning muammolari o‘rganib kelinmoqda.
Jumladan, tashkil etilgan “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi hisobidan ijtimoiy daftarlarga kiritilgan fuqarolarga har tomonlama moddiy va ma’naviy ko‘mak ko‘rsatilmoqda.
Navoiy viloyati hokimining 2021 yil 8 avgustdagi qaroriga asosan, uyda o‘tirgan, ishsiz xotin-qizlar va yoshlarning bandligini ta’minlash, ularning oilaviy daromadlarini oshirish, ularga tadbirkorlik bilan shug‘ullanishlari uchun sharoit yaratish maqsadida tuman, shaharlar sektorlar kesimida ijtimoiy himoyaga muhtoj, ehtiyojmand, nogironligi bo‘lgan 2494 nafar xotin-qiz ro‘yxatlari shakllantirildi, ularning har biriga 20 bosh parranda va bir oylik yemi bilan ta’minlashga qaror qilindi.
Natijada “KARMANA GOLDEN EGGS” MCHJ bilan Qiziltepa tumaniga 12 ming 880 bosh, Xatirchi tumaniga 7 ming 340, Karmana tumaniga 5 ming 980, Nurota tumaniga 4 ming 360 bosh, Konimex tumaniga 4 ming, Uchquduq tumaniga 780, Navbahor tumanida 5 ming 280, Tomdi tumaniga 540, Zarashon, G‘ozg‘on va Navoiy shahriga 5 ming 700 bosh, jami 46 ming 860 bosh parranda xaridi uchun shartnomalar tuzildi.
Hozirda 25 ming 30 bosh parranda ehtiyojmand ayollarga tarqatildi. Ayni paytda bu xayrli ish davom etmoqda.

Dildora Baratova,
“Mahalla” xayriya jamoat fondi Navoiy viloyat bo‘limi boshqaruvi mutaxassisi.
O‘zA